Yangi Konstitutsiyaning 51-moddasi oliy ta’lim sohasidagi qanday huquqlarni kafolatlaydi?

Hozirgi jadal texnik va texnologik rivojlanish, fanlar, nazariyalar, dunyoqarashlarning son va sifat ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgan sharoitda ta’lim sohasi insonning butun hayoti davomida takomillashadigan uzluksizlikni, uni tashkil yetish va amalga oshirishga esa tizimli, integratsiyalashgan, tabaqalashtirilgan yondashuvlarni talab qiladi.

Shuning uchun ham Konstitutsiyaning yangi tahririda shaxsning komil inson bo‘lib yetishishi uchun zarur bo‘lgan ta’lim-tarbiyaning barcha jarayonlari va bosqichlari qamrab olingan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali yanada aniqroq, yanada mukammalroq ifodalash taklif etilgan. Ya’ni, agar oldingi konstitutsiyaning 41-moddasi ta’limning barcha bosqichlarini yaxlitligicha nazarda tutsa, yangi tahrirdagi normalar maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, boshlang‘ich kasb-hunar ta’limi, alohida ta’limga muhtoj bolalar uchun inklyuziv ta’lim (50-modda), oliy ta’lim olish huquq-imkoniyatlarini (51-modda),  pedagog-o‘qituvchilarning huquqlarini, ya’ni ular faoliyatini har qanday noqonuniy aralashuvdan himoyalanishini (52-modda) kafolatlaydi.

Yangi tahrirdagi 51-moddada “Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida davlat mablag‘lari hisobidan tanlov asosida oliy ta’lim olish huquqiga ega” deya bayon etilgan. Bu degani, mamlakatimizda barcha fuqarolar millati, yoshi, dini, ijtimoiy holati va boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, oliy ta’lim olishda teng huquqlarga ega.

Normaning “tanlov asosida” iborasini qanday tushunishimiz kerak?

Barchamiz yaxshi bilamizki, har qanday qabul, o‘qishga kirish, xizmat yoki ishga joylashish ma’lum mezonlarga asoslangan tanlov asosida amalga oshiriladi. Bizning davrimizda bu aksiomaga aylangan, chunki oddiy qilib aytganda, biz “mushukni qopda sotib olmaymizku”. Zero oliy ma’lumot olish xohishini bildirgan har bir kimsa ham universitetda o‘qishga loyiq bo‘lmasligi mumkin. Buning uchun abituriyent o‘rta ta’lim muassasada olgan ma’lum miqdordagi bilimga ega bo‘lishi kerakki, uning bilim darajasi qonunga asoslangan va hujjatlarda belgilangan tartibda tekshirish orqali aniqlanadi: abituriyentning umumiy ta’lim yoki maxsus ta’lim muassasasida olgan bilim darajasi universitet dasturi talablariga javob beradimi yoki yo‘qmi? Buni aniqlovchi sinovlarning qay tarzda o‘tishi (test, imtihon, yozma ish, suhbat) qonunchiligimizdagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olsak, qanday hollarda talaba davlat mablag‘lari hisobidan o‘qishi mumkin?, degan savol juda mantiqiy ko‘rinadi.

Davlat (ijrochi davlat organi) ma’lum bir sohaning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga qarab kvotalar va ma’lum miqdordagi grantlar (pul imtiyozlari) ajratadi. Biroq “byudjet talabalari” deb ataladiganlar soni cheklangan bo‘ladi. Bunday imkoniyatga aslida sinovlar jarayonida maksimal ball to‘plaganlar, ya’ni juda bilimli yigit-qizlar ega bo‘lishlari mumkin. Bunda davlat imtiyozlaridan foydalanib ta’lim olgan bitiruvchi bir necha yil davomida o‘zi tanlagan soha bo‘yicha biror korxona, tashkilot, muassasada ishlab, sohaning mutaxassisga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi shart.

Maksimal ball to‘plab, nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish imkoniga ega bo‘lganlar ham davlat (davlat organi, muassasa) nafaqasi bo‘yicha o‘qishlari mumkin. 2022-2026-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi strategiyasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuboriladigan yoshlar sonini ikki barobarga oshirish vazifasi belgilangan. Shu bilan birga, suhbat chog‘ida abituriyent xorijda olgan bilim va ko‘nikmalari bilan o‘z vataniga qaytishiga va mamlakatni rivojlantirishga oid strategik vazifalarni hal etishda faol ishtirok etishiga ishontira olishi kerak. Buning bilan davlat o‘zi tanlagan kasbi va mutaxassisligi bo‘yicha imkon qadar ko‘proq bilim olishga intilayotgan yoshlarni kelajak jamiyat taraqqiyotida ishtirok etish va davlat qudratini mustahkamlashda eng talabgor kadrlar bo‘lishlari uchun rag‘batlantiradi.

Keyingi banddagi “Oliy ta’lim muassasalari akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, ilmiy-tadqiqot va o‘qitish erkinligiga ega” iborasi, eng avvalo, demokratik davlat va huquqiy jamiyat qurishga intilayotgan O‘zbekistonning demokratik taraqqiyot yo‘lidan borayotganligini nazarda tutiladi.

Ushbu normaning mohiyatini to‘g‘ri tushunish uchun birinchi navbatda “akademik erkinlik” talqinini bilish kerak bo‘ladi.                 “Universitet avtonomiyasi” deb ham ataladigan akademik erkinlik o‘z faoliyatini qonunchilikda belgilangan ma’lum tamoyillar asosida shakllantiradi va amalga oshiradi. Unga ko‘ra universitetlar va ilmiy tashkilotlarning professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari o‘z ilmiy potensiallari, imkoniyat va xohishlariga ko‘ra o‘quv kurslari, fan yo‘nalishlari, o‘qitish metodikasi, ilmiy-tadqiqot mavzularini tanlash, talabalar ham ularni o‘z yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, mayl va ehtiyojlariga qarab tanlash huquqiga ega bo‘ladilar. OTMning avtonomiya deb atalishi Yevropa universitetlar assotsiatsiyasining o‘z mustaqilligini 4 yo‘nalishda belgilagani bilan bog‘liq: tashkiliy, moliyaviy, ishga qabul qilish erkinligi va tegishli akademik avtonomiya.
  Akademik erkinlik deganda universitetning o‘z ichki o‘quv ishlarini mustaqil boshqarish qobiliyati, universitetning talabalarni qabul qilish, o‘quv dasturlarining mazmuni, o‘qitish usul va uslublarini mustaqil ravishda shakllantirish va tashkillashtirish, sifat nazoratini amalga oshirish, o‘qitish tilini tanlash kabi turli akademik muammolarni hal qilish imkoniyatlari tushuniladi.
Oliy ta’lim va fan sohasida akademik erkinlik nima uchun kerak?
Avvalo, akademik erkinlik akademik madaniyatning ajralmas qismi bo‘lib, ko‘plab rivojlangan mamlakatlar (Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH)da jamiyatni demokratlashtirishning ham muhim ko‘rsatkichidir. Ushbu mamlakatlarning akademik erkinlikka ega bo‘lgan barcha OTMda, garchi o‘qitishning milliy o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lsa-da, ilmiy tadqiqotlar olib borish va uning natijalarini nashr etish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Qolaversa, xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, akademik erkinlik ilm-fan rivojiga, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga, mamlakat ilmiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday holda, o‘zi rejalashtirgan yo‘nalishda muvaffaqiyatli rivojlanishdan manfaatdor bo‘lgan davlat ilm-fan rivojiga va jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga ko‘maklashadi. Zero, dunyoda ilm-fan integratsiyalashgan holda, hamkorlikda rivojlanadi. Shu bilan birga, ushbu jarayonlarni xalqaro huquq normalariga zid bo‘lmagan holda huquqiy tartibga solish, ya’ni ularni to‘g‘ri tashkil etish, sohani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, tegishli huquqiy baza, ya’ni muayyan qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan ta’minlanadi.
Ko‘rib turganingizdek, Konstitutsiyaning yangi tahriridagi 51-moddasi yuridik normalar fan va ta’limni tizimli munosabatlar asosida va o‘zaro bog‘liqlikda rivojlantirish kafolatlarini nazarda tutadi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishga erishish uchun ulkan va amalga oshirish mumkin bo‘lgan rejalari kontekstida juda muhim omildir.

 

M.M. Djalalov,

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori, Texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).