Talabalar Assotsiatsiyasi

Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalar assotsiatsiyasi, talabalar hayoti sifatini yaxshilash va yuzaga kelgan muammolarni birgalikda hal etish maqsadida tashkil etilgan assotsiatsiya hisoblanadi.
Bunday birlashma talabalarga universitet hayotini yaxshilashda faol ishtirok etish, ularning rivojlanishi va o’zini o’zi anglashi  imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Ushbu assotsiatsiya «Student Union» talabalar uyushmasining takomillashtirilganidir  va u o’z faoliyatini 2022-2023 o‘quv yilidan  boshlaydi.

Umumiy qoidalar

“Students Association” (Talabalar assotsiatsiyasi, keyingi o`rinlarda Assotsiatsiya) Toshkent shahridagi Inha universiteti (Keyingi o`rinlarda Universitet) talabalari harakati bo`lib, Universitet rektori qoshida tashkil etilib, faoliyati Talabalar bilan ishlash va ularni qo`llab-quvvatlash bo`limi (Keyingi o`rinlarda Talabalar bo`limi) tomonidan muvofiqlashtiriladi.
 Assotsiatsiya o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi  va qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari hamda Universitet nizomi, Universitetning ichki tartib qoidalari va ushbu nizom va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Assotsiatsiya nodavlat notijorat tashkilot bo`lib, siyosiy va diniy faoliyat bilan shug`ullanmaydi.
 Assotsiatsiya o`z faoliyatini Universitet mamuriyati va boshqa talabalar bilan o`zaro hamjixatlikda olib boradi.
Assotsiatsiya prezidenti har yili bo`lib o`tadigan saylovda Universitet talabalari tomonidan saylanadi.

ASSOTSIATSIYA TUZILMASI

Assotsiatsiya tuzilmasi Universitet mamuriyati hamda Assotsiatsiya prezidenti tomonidan shakllantiriladi hamda Universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi.
Assotsiatsiya tuzilmasi assotsiatsiya prezidenti hamda tuzilma tarkibidagi yo`nalishlarning yetakchilari asosida tashkil topadi.
Assotsiatsiya prezidenti, yetakchilar hamda yo`nalishlar umumiy tarkibni tashkil qiladi. (1-ilovada tuzilma chizmasi ilova qilinadi)

 

ASSOTSIATSIYA VAZIFALARI

Assotsiatsiyaning asosiy vazifasi Universitet talabalar ijtimoiy hayotini yaxshilash hamda talabalar tomonidan o`tkaziladigan barcha tadbirlar uchun mas`uldir.
Talabalar Assotsiatsiyasi Talabalar bo`limi bilan kelishgan holda talabalar o`rtasida turli xil so`rovnomalar o`tkazish, talabalar fikrini bilish, talabalarga Universitetni yaqindan tanishtirish, talabalar muammosini va masalalarini Universitet ma`muriyatiga yetkazish, talabalar ijtimoiy hayotini yaxshilash bo`yicha taklif kiritish kabi vakolatlarga ega.

TALABALAR ASSOTSIATSIYASIGA A`ZO BO`LISH

Universitetning talabalar ro’yxatida bo’lgan barcha talabalar Assotsiatsiyaga a’zo bo’lish huquqiga ega va Assotsiatsiyaga a`zo bo`lish talabalar uchun majburiy hisoblanmaydi.
Assotsiatsiyaga a`zo bo`lishni xohlagan talabalar Assotsiatsiya prezidenti yoki prezident tomonidan tayinlangan mas`ul talabaga murojat qiladi.
Assotsiatsiya prezidenti Assotsiatsiya a`zolari haqida choraklik ma`lumotni Talabalar bo`limiga taqdim qilib turadi.
Assotsiatsiyaga a`zo bo`lgan talabalar Assotsiatsiya tomonidan o`tkaziladigan barcha tadbir, marosim hamda boshqa faoliyatlarda yaqindan yordam beradi.
Assotsiatsiyaga rasman a`zo bo`lmagan talabalar Assotsiatsiya tomonidan tashkil qilinadigan barcha tadbir, marosim hamda boshqa faoliyatlarda qatnashish huquqiga ega.