O‘Z, FIKR VA INTERNET ERKINLIGINING ASOSIY SHARTLARI

Yangilangan Konstitutsiyamizning 33-moddasi:

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.

          Bu qo‘shimcha va o‘zgartirishlarning kiritilishining eng asosiy sabablaridan biri – huquqiy davlat, demokratik jamiyat rivojining muhim shartlaridan biri – inson erkinlarini ta’minlashni mustahkam, adolatli qonunchilik bilan kafolatlashdir.

Mamlakatimizning amaldagi  Konstitutsiyasida so‘z va e’tiqod erkinligi, har qanday ma’lumotni izlash, olish va tarqatish huquqi 29 – moddada belgilangan. E’tibor bersangiz, unda bugungi hayotimizning ajralmas qismiga aylangan, ta’lim jarayonlari, kasbiy faoliyat va bo‘sh vaqt o‘tkazishning asosiy vositasiga aylangan Internetdan foydalanish huquqiy va shartlari nazarda tutilmagan. Vaholanki, Internet  global raqamlashtirish va jadal texnologik rivojlanish sharoitida bizning hayotiy faoliyatimizning muhim tarkibiy qismi sifatida qonun bilan himoya qilinishi va ushbu sohadagi barcha munosabatlar milliy qonunchilikning huquqiy normalari bilan tartibga solinishi, ya’ni har bir fuqaroning o‘ziga kerakli ma’lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash va undan foydalanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqidan erkin foydalanishi ta’minlanishi kerak. Shu bilan birga, internetdan faqat qonun doirasida foydalanish mumkinligi Asosiy qonunimizda belgilanishi kerak.

 «Davlat Internetga kirishni ta’minlash uchun sharoit yaratadi» normasi davlatning buning uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish mas’uliyatini kafolatlaydi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda so‘z erkinligi va axborot olish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanmoqda. Ushbu islohotlar natijasida mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Moddaning mazkur normasi ushbu jarayonlarni tezlashtirish va takomillashtirishga xizmat qilishiga qaratilgan.

Ayni paytda, hech kimga sir emaski, misli ko‘rilmagan ijobiy xususiyatlar bilan bir qatorda, Internetning, undagi ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarimizga salbiy ta’siri ham mavjud. O‘zbekistonning yosh avlodi nafaqat jismonan, balki ma’naviy jihatdan ham sog‘lom bo‘lishi kerak. Bu jamiyatni to‘g‘ri rivojlantirish va oldimizga qo‘yilgan vazifalarni samarali amalga oshirishning garovidir. An’anaviy ommaviy axborot vositalari yoki Internetdan qonunda nazarga tutilgan darajada, davlat siyosati, jamiyat boshqaruvi, inson sog‘ligi, millat xavfsizligiga putur yetkazmaydigan, ularga zarar keltirmaydigan, xavf-xatar soldirmaydigan darajada foydalanish zarurati, aksincha huquqiy javobgarlikka tortilishi muqarrarligi ham belgilanishi kerakligi shak-shubhasizdir.  Internetdan huquqiy doiradan tashqarida foydalanish tegishli cheklovlarni qo‘llashga imkon beradi. Ushbu qoida 33-moddaning to‘rtinchi qismida o‘z aksini topgan: Mazkur huquqlarni cheklashga faqat mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, jamoat xavfsizligini hamda tartibini himoya qilish, shuningdek davlat siri yoki boshqa sir deb e’tirof etilgan axborot oshkor etilishining oldini olish bilan bog‘liq hollarda, qonun bilan yo‘l qo‘yiladi.

           Ko‘p mamlakatlar Internetga kirishni insonning ajralmas huquqi sifatida tan olishadi. Bu tasodif emas, albatta. BMTning 2011-yil 3-iyundagi qaroriga muvofiq Internetga kirish huquqi insonning ajralmas huquqlaridan biri sifatida tan olinadi. Shunga o‘xshash normalar Gruziya, Estoniya, Meksika, Italiya kabi mamlakatlarning konstitutsiyalarida mavjud.

Konstitutsiyamizga kiritilgan fikr, so‘z, e’tiqod erkinligi, shuningdek, Internetga kirish masalalariga oid qo‘shimcha va o‘zgartishlar mamlakatimizning xalqaro reytingdagi mavqeini yaxshilashga ham yo‘naltirilgan. Xususan, inson huquqlari bo‘yicha nodavlat tashkiloti Freedom House hisobotida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda Internet erkinligining sezilarli o‘sishi qayd yetildi – mamlakat ketma-ket to‘rtinchi yil «Internetda erkinlik» xalqaro reytingidagi ballarini yaxshiladi.

 

 

M.M. Djalalov,

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori.