22-aprel kuni Toshkent shahridagi Inha universitetiga birinchi kirish imtihoniga ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun konsultatsiya kuni bo‘lib o‘tdi.
Kompyuter va dasturiy injiniring hamda Biznes va logistika fakultetlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun konsultatsiyalar o‘tkazildi.
Janubiy Koreyadagi Inha universiteti vakillari jarayonning texnik tomonlari haqida batafsil gapirib berishdi. Shuningdek, konsultatsiyalar davomida kuzatuvchilar imtihonlargaro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar identifikatsiyasini amalga oshirishdi.
“Bizda imtihon jarayonida qatnashish huquqi yo‘q, bu qoida Toshkent shahridagi Inha universiteti ochilgan birinchi kunlaridan kiritilgan. Kirish imtihonlari har doim Koreya tomonidan o‘tkaziladi, bu jarayonning shaffofligini kafolatlaydi. Ba’zi abituriyentlarimiz chet ellarda bo‘la turib, Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirishni afzal ko‘rishadi, mening fikrimcha bu, xalqaro universitetlar o‘rtasida bizning universitetni yuqori raqobatdoshligi ko‘rsatkichidir. Barchangizga muvaffaqiyatlar tilayman, o‘z qudratingiz va bilimingizga ishoning!” – dedi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalov.
Eslatib o‘tamiz, 23 va 24 aprel kuni birinchi kirish imtihonlari o‘tkaziladi.
