Bugun, 20 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida «Digital Camp» ikkinchi mavsumining muvaffaqiyatli bitiruvchilariga «Digital Generation Uzbekistan» tomonidan sertifikatlar va esdalik sovg’alarni topshirish tantanali marosimi bo’lib o’tdi. Taqdirlash «Google Developers Group» va «Startup Weekend Women» singari keng miqyosli tadbirlarga bag’ishlangan matbuot anjumani doirasida bo’lib o’tdi. Tadbir davomida ishtirokchilar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bo’lajak loyihalar bilan ham tanishdilar.
Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog’liqni saqlash va sport masalalari bo’yicha maslahatchisining birinchi o’rinbosari – O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sadullaev, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Muzaffar Djalalov, Toshkent shahridagi Inha universiteti prorektori – al-Xorazmiy nomidagi IT-maktab direktori, Hilola Umarova, shuningdek «Digital Generation» vakillari, Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari va boshqalar ishtirok etishdi.
Tadbir ishtirokchilari O’zbekiston Yoshlar Ittifoqi, Axborot texnologiya va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va «UzCard» kompaniyasining noyob loyiha-strategiyasi boʻlgan «Digital Generation»ning faoliyati bilan tanishib chiqishdi. Tadbir davomida loyihaning asosiy vazifasi va maqsadi dasturlash, robototexnika, dizayn, media va raqamli marketing kabi sohalardagi global texnologik tendentsiyalarga qiziquvchi yoshlar IT-hamjamiyatini shakllantirishdan iboratligi ta’kidlandi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti yoshlarga IT (axborot texnologiyalar) sohasida rivojlanish, real loyihalar yaratish, mintaqaning etakchi mutaxassislari bilan tanishish, biznes simulyatsiyasi va amaliy ishlarida qatnashish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi.
Ta’kidlash joizki, «Digital Camp» ning ikkinchi mavsumi yakunlariga ko’ra, chet elda ham o’z yo’nalishi bo’yicha rivojlanishni davom ettirayotgan ishtirokchilar biri grant yutib olib, Turkiyada bo’lib o’tgan yirik IT-tadbirlarida ishtirok etganligi va yana bir ishtirokchi esa, o’zining bilim va ko’nikmalarini oshirish, xorijiy tajribani o’rganish maqsadida Gruziyaga mustaqil sayohat uyushtirganligi alohida e’tiborga loyiq bo’ldi.
Shu bilan birga, tadbir yakunida Toshkent shahridagi Inha universiteti «Students’ Union» bo’lajak rahbarlari saylov bo’yicha nutq bilan so’zga chiqishdi, shuningdek, Google mahsulotlari va texnologiyalaridan foydalanishni istagan yoshlar va professionalkarning ochiq va mustaqil hamjamiyati bo’lgan «Google Developers Group» taqdimoti bo’lib o’tdi.