O‘zbekistonda joriy yil mart oyining boshida qizlarning salohiyatini oshirish va ularni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etishga yo‘naltirilan DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan ikkinchi ta’lim dasturi o‘tkaziladi.
DigiGirlz – Microsoft kompaniyasining qizlar uchun mo‘ljallangan, ta’lim, fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohasiga investitsiya kiritish bo‘yicha dasturi. Mazkur dastur xodimlarni iqtisodiyotning global muammolariga tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Dastur O‘zbekistonda joriy yilning 2-, 3- va 6-mart kunlari Toshkentdagi Inha universitetida bo‘lib o‘tadi hamda yosh qizlarga texnologiya sohasi va yangi innovatsiyalar bilan tanishish imkonini beradi.
Microsoft kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bosh menejeri Anke den Ouden DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan da qatnashishi hamda ishtirokchilar bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashishi kutilmoqda.
Dastur 12-14 yoshdagi (kichik guruh) hamda 15-17 yoshdagi (katta guruh) qizlarga mo‘ljallangan. Ushbu loyihaga qiziquvchilar joriy yilning 23-fevraligacha www.digigirlz.uz saytida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Joylar soni cheklangan (kichik guruh 60 ta odam, katta guruh 40 ta odam).
Tadbir tashkilotchilari Microsoft korporatsiyasi hamda Toshkentdagi Inha Universiteti bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi ko‘magida o‘tkazilmoqda.