1. Ismi sharifingiz, yoshingiz, qaysi fakultetda o‘qigansiz va Inha universitetini qaysi yilda tugatgansiz?
Mening ismim Abdurahmon O‘razboyev. Men 22 yoshdaman va bu yil Inha universitetining kompyuter fanlari fakultetini tugatdim.
2. Koreyadagi siz kirgan magistrlik dasturi va universitet nomi nima? Qaysi shaharda joylashgan?
Men Janubiy Koreyaning Seul shahrida joylashgan Xanyan universitetining kompyuter fanlari bo‘yicha magistrlik dasturiga qabul qilindim. Shuningdek, men Xanyan xalqaro stipendiya dasturi (HISP) bo‘yicha universitetda o‘qish to‘liq muddatiga stipendiya oluvchisi sifatida tanlandim. Xanyan universiteti STEM sohasidagi Osiyoning yetakchi universitetlaridan biri hisoblanadi va QS Global World Rankings 2021 reytingida 146-o‘rinni egallagan.
3. Aynan ushbu universitetni tanlashingizga nima sabab bo‘ldi?
Ushbu universitetni tanlash sababini bitta ibora bilan izohlash mumkin: “Eng yuqori sifatli ta’lim va tadqiqot imkoniyatlari”. Koreya dunyoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kompyuter injiniringi sohasida yetakchilardan biri hisoblanadi. Shu sababli, Koreya hukumati va universitetlari talabalar uchun turli xil stipendiyalarni taklif qilishadi, mahalliy va xorijliklar o‘rtasida xalqaro bilim almashuvini rag‘batlantiradilar. Xanyan universitetida o‘qish menga bozordagi eng yangi texnologiyalar va ishlanmalar to‘g‘risida bilim olishimga va kompyuter fanlari bo‘yicha vakolatli muhandis bo‘lishimga yordam beradi.
4. Qabuldagi raqobat qanchalik kuchli edi?
Abituriyentlarning aniq sonini bilmayman, ammo universitetga qabulning umumiy darajasi 4% atrofini tashkil etgan.
5. Imtihonlardan o‘tish qiyin bo‘ldimi?
Qabul uchun imtihon yo‘q edi. Abituriyentlar bakalavr bosqichidagi o‘qish natijalariga qarab tanlangan. Men professor bilan faqat o‘qishdan bo‘lgan maqsadim va dastur bo‘yicha keyingi rejalarim kabi umumiy mavzularda intervyudan o‘tdim.
6. Qabul jarayonida sizni eng ko‘p ajablantirgan nima bo‘ldi?
Qabul paytida hayratlanarli narsa yo‘q edi. Jarayonga faqat xalqaro standartning qismi bo‘lgan protseduralar kiritilgan.
7. Ushbu universitetda o‘qishdan umidlaringiz qanday?
Ushbu universitetda bulutli hisoblash bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlik qilish va yetakchi tadqiqotchilar bilan aloqalar o‘rnatishga umid qilaman. Berilgan imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishga harakat qilaman.
8. Kelajak uchun qanday rejalaringiz bor?
Magistraturani tugatgandan so‘ng, men sohadagi yetakchi kompaniyalarida ish topishni va olgan bilimlarimni bir necha yil davomida amalda qo‘llashni rejalashtirmoqdaman. Agar men chuqurroq o‘rganishni istagan mavzuni topsam, ishimda yanada professional bo‘lishim va tadqiqotlarda yanda bilimli bo‘lishim uchun doktorlik dissertatsiyasini yoqlayman.
9. Inha universiteti sizning talabalik hayotingizda qanday rol o‘ynadi?
TIU mening hayotimda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Universitet tomonidan taqdim etilgan barcha qulayliklar va imkoniyatlar tufayli men bor kuchimni o‘qishga qaratdim. Professional xodimlar o‘qish paytida men duch kelgan har qanday qiyinchiliklarda har doim menga yordam berishdi. Universitet menga turli hil loyihalarda ishtirok etish va juda ko‘p iste’dodli insonlar bilan muloqot qilishga imkon berdi, men o‘z sohamdagi mutaxassislar bilan aloqalar o‘rnatdim.
Pofessor-o‘qituvchilar universitetning eng muhim manbasidir. Ular ta’lim sifatiga katta hissa qo‘shadilar. Barcha TIU professorlari o‘z ishining ustalaridir. Ular Massachusets texnologiya universiteti, Stenford universiteti, Koreya milliy universiteti va KAIST kabi dunyodagi eng nufuzli universitetlarda taxsil olishgan. Bundan tashqari, ular sohadagi yetakchi kompaniyalarda ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lib, talabalar bilan ulashadilar. Ularning rahbarligida o‘qiganimdan behisob minnatdorman. Xususan, professor Frensis Tay No, professor Chonkku An va professor Ashish Setga mening kelajakdagi ta’lim olishim va kasbim bilan bog‘liq ulkan yordam va maslahatlari uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman