Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi Janubiy Koreyadagi eng nufuzli universitetlarning biridan KAIST University magistratura bosqichida o‘qish uchun grant yutib oldi.

1) Ismingiz va familiyangiz, yoshingiz va qaysi fakultetni qaysi yilda tugatgansiz?
 
Mening ismim Siyavushxon Xolmatov, men 22 yoshdaman, 2021 yil bahorda Inha universitetini Axborot va kommunikatsiya injiniringi (ICE) bo‘yicha tugatdim.
 
2) Koreyadagi siz kirgan magistrlik dastur va universitet nomi nima? Qaysi shaharda joylashgan?
 
Men Janubiy Koreyada Tejong shahrida joylashgan oylik stipendiya va to‘liq o‘qish jarayonini moliyaviy tarafdan qoplaydigan Koreya Ilg‘or texnologiyalari (KAIST) institutiga Sun’iy intellekt yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Magistrlik va doktoranturani (MS + Ph.D. Integrated) o‘z ichiga olgan o‘quv dasturi 5 yil davom etadi.
 
3) Aynan ushbu universitetni tanlashingizga nima sabab bo‘ldi?
 
Ushbu universitet o‘ta kuchli professor-o‘qituvchilarga ega bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar sohasida tadqiqotlar va ishlanmalar bilan shug‘ullanadi. QS World University Rankings reytingiga ko‘ra KAIST dunyodagi barcha universitetlar orasida 41-o‘rinni egallagan.
 
Avval aytib o‘tganimdek, magistratura va doktoranturada integratsiyalashgan intensiv o‘qish jarayoni 5 yil ichida ikki ilmiy darajaga ega bo‘lishga imkon beradi.
 
4) Raqobat qanchalik kuchli bo‘ldi?
 
Universitet nafaqat Janubiy Koreyada, balki butun dunyoda yetakchi mavqega ega ekanligini hisobga olsak, topshirilgan hujjatlar oqimi juda kattadir. Bu potensial talabalar o‘rtasida raqobatni sezilarli darajada oshiradi.
 
Shuni aytib o‘tish joizki, sun’iy intellekt fakulteti dunyoning barcha mamlakatlaridagi yuqori raqobat tufayli, magistratura va doktoranturaga o‘zbekistonlik talabalarni bundan avval xech qachon qabul qilmagan. Men, Enver va Artyom – Inha universiteti talabalari bu yo‘nalishda birinchi bo‘ldik.
 
5) Imtihonlarni  topshirish qiyin bo‘ldimi?
 
KAIST qabul jarayoni o‘ziga xos ichki imtihonlardan iborat emas, lekin suhbat va texnik test topshirig‘i kabi bir necha bosqichlardan tashkil topgan.
 
Boshida bu qiyin va stressli bo‘lib ko‘rinishi mumkin, chunki hamma narsada ham ma’lum bir qiyinchiliklar bo‘ladi. Ammo siz o‘z oldingizga maqsad qo‘ygan bo‘lsangiz va unga erishishga intilsangiz, unda barchasini amalga oshirish mumkin deb o‘ylayman.
 
6) Qabul jarayonida sizni eng ko‘p ajablantirgan nima bo‘ldi?
 
Birinchidan, dunyodagi kuchli universitetlarning biriga kirishimning o‘zi.
 
Ikkinchidan, men fakultet mudiri, professor Song Chong rahbarligida o‘qishim yaqinda ma’lum bo‘ldi.
 
Va albatta, butun o‘qish jarayoni 5 yil davomida moliyaviy qoplanishi.
 
7) Ushbu universitetda uqishdan nima kutmoqdasiz?
 
Nazariy bilimlarimni oshirish, ularni amalda qo‘llash uchun ilmiy rahbarim rahbarligida yangi bilimlarga ega bo‘lish.
 
Bundan tashqari, ko‘plab yangi yorqin taasurotlar olish, Koreya madaniyati bilan yaqindan tanishish va yangi do‘stlar orttirish.
 
Va eng muhimi, O‘zbekiston yoshlari o‘zlarini butun dunyoga tanitish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligini namoyish etish.
 
8) Kelajak uchun qanday rejalaringiz bor?
 
Vatanimga qaytgach, mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shish.
 
9) Inha universiteti (balki professorlar) sizning talabalik hayotingizda qanday rol o‘ynadi?
 
Inha universiteti hayotimning eng yorqin sahifalaridan biri bo‘lib qoladi. Bu yerda men mamlakatimizning turli burchaklaridan kelgan ko‘plab do‘stlar orttirdim. Aytshlaricha, aynan talabalik yillarida eng kuchli do‘stlik tug‘iladi. Do‘stlar bilan birgalikda biz qo‘shma loyihalarda ishladik, qiyinchiliklarni yengib o‘tishni o‘rgandik, rivojlanishga harakat qildik va faqat yaxshilanishga intildik. Men ulardan ba’zilari bilan KAISTda o‘qishni davom ettirish baxtiga muyassar bo‘lganimdan juda xursandman.
 
2018 yildagi Summer School Contest dasturi doirasida, Inchxon shahridagi Janubiy Koreyaning Inha universitetiga tashrif buyurish imkoniyatini bergani uchun TIUdan minnatdorman. Yozgi dastur uchun universitet to‘liq homiylik ko‘rsatgan 10 nafar talabadan biri bo‘lib, Koreyaga ilk bor tashrif buyurish baxtiga muyassar bo‘lganman.
 
Butun o‘qish davomida, bizga bilim bergan va qo‘llab-quvvatlagan barcha professor-o‘qituvchilardan minnatdorman.
 
Menga ishongan va mening tavsiyanomamni KAISTga taqdim etgan, o‘zimni sinab ko‘rishni maslahat bergan professor Frensis Tay Nodan, shuningdek, o‘z navbatida tashabussimni qo‘llab-quvvatlab, meni KAISTga tavsiya qilgan professor Bahodir Ahmedovdan minnatdorman.
 
Bundan tashqari, Alessandro Agostini, Chongku An, Xong Jong professorlar doimo yordam berib, kelajakka to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishdan mamnum edilar.
 
Yoshlarga murojaat qilib, shuni aytmoqchimanki, sizning qalbingiz va dilingiz talab qilayotgan biror narsani o‘zgartirishdan qo‘rqmaslik kerak. O‘zingizga hiyonat qilib, butun umr boy berilgan imkoniyatlar haqida afsuslanib o‘tasiz.
 
Intiling, jur’at eting va eng oliy yutuqlarga erishing!
 
 
 
«KAIST Koreyaning eng raqobatbardosh ilmiy – texnik universiteti sifatida dunyoga mashhur. Qabul jarayonida kuchli raqobat bo‘lganligi sababli, KAIST shu paytgacha bitta ham o‘zbek talabani qabul qilmagan. KAIST AI magistraturasi esa qabulda undan ham yuqori raqobatbardoshlikka ega.  Men uchta talabani oldindan filtrlash orqali ariza topshirish uchun tanladim va ularni SI Oliy maktabi rahbari, professor Son Chong bilan tanishtirdim. Professor Chong mening kuchli tavsiyamga binoan bu safar tavakkal qilishga qaror qildi. Men talabalarim KAIST AI magistraturasining yuqori darajadagi talablarini oqlashiga ishonaman.  Enver va Artyomga professor Dje-Sik Choy (tushuntiriladigan sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotlar direktori), Siyavushxon Xolmatov tadqiqotlariga esa professor Son Chong (SI Oliy maktabi rahbari) rahbarlarlik qiladi.
 
Menimcha, bu nafaqat TIU uchun, balki O‘zbekiston uchun ham muhim bosqich» – Frensis Tay No.