Toshkent shahridagi Inha universiteti xodimlari «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiya tanlovida g‘olib bo‘lishdi

1) Ismingiz va familiyangiz, yoshingiz va TShIUdagi lavozimingiz?

Men, To‘laganova Shirin, yoshim 23 da, Toshkent shahridagi Inha Universitetining 2021 yil bitiruvchisi hamda “El-Yurt Umidi” jamg‘armasining 2022 yildagi 2-stipendiya tanlovi g‘olibiman. Hozirda, IUT ning Akademik Boshqaruv bo‘limi yetakchi mutaxassisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman.

2) Siz kirgan universitet va magistrlik dasturi qanday nomlanadi? Universitet qaysi shaharda joylashgan?
Men Buyuk Britaniyaning Brayton shahrida joylashgan Sasseks Universitetining “Global Logistika va Taʼminot Zanjiri boshqaruvi” (ingliz.Global Supply Chain and Logistics Management (GSCLM)) fakultetiga muvaffaqiyatli qabul qilindim.

3) Aynan ushbu dasturni tanlashingizga nima sabab bo‘ldi?

Ziyolilar oilasida tavallud topganim sababli, bizning oilamizda qiz bolani tahsil olishiga alohida eʼtibor berilgan. Ayniqsa rahmatli dodajonim, Aripov Xayrulla Kobilovich, yetuk olim, fidoyi ustoz, halol va oliyjanob inson bo‘lganlar. Bizlarga ham hamisha faqat o‘z kuchimiz va bilimimizga ishonishimizni taʼkidlaganlar. Inson o‘z hayotidagi barcha maqsadlariga olgan bilimi, halol mehnati va chiroyli sabri orqali erishishi kerak, deya nasihat qilar edilar. Ularning «O‘g‘il bolaning ilmi – o‘zini ilmi, qiz bolaning ilmi – umatning ilmi», deb takror va takror aytadigan o‘g‘itlari hali hanuz quloqlarim ostida jarang sochib turadi. Toshkent shahridagi Inha Universitetining Logistika yo‘nalishini tamomlagach, o‘z mutaxassisligim bo‘yicha xususiy sektorga ishga qabul qilindim. Universitetda yuqori bilimli xorijlik professorlar tomonidan berilgan bilimlarni amaliyotda qo‘llashga muvaffaq bo‘ldim. Ish davomida shuni anglab yettimki, yurtimizda Logistikani dunyo standartlari darajasida rivojlantirish uchun milliy kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Bu sohada yuqori marralarni zabt etish uchun bakalavrda olgan bilimlarim yetarli emasligini tushundim. Shu sababli bilim va ko‘nikmalarimni oshirish, o‘z yo‘nalishim bo‘yicha sohaga yanada ilmiy yondashish istagida Yevropadagi bir qator oliygohlarining logistika yo‘nalishidagi magistratura dasturlariga hujjat topshirdim. Germaniya va Buyuk Britaniya universitetlariga muvaffaqiyatli qabul qilindim va ulardan Sasseks Universitetini tanladim.

4) “El-Yurt Umidi” jamg‘armasi sizga qanday imkoniyatlarni berdi?
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan tashkil etilgan “El-Yurt Umidi” jamg‘armasi eng avvalo, xalqaro bilim va tajribaga ega bo‘lgan milliy kadr sifatida shakllanishim uchun dunyoning nufuzli oliygohlari safidan joy egallagan universitetda taʼlim olishim uchun moddiy va maʼnaviy zamin yaratdi. Muhtaram prezidentimizning xotin-qizlarni magistraturaga o‘qishga kirishlarini yana-da rag‘batlantirish, ularning jamiyat taraqqiyotidagi rolini yanada oshirish maqsadida 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF-87-son Farmonlari esa menga oltin qanot baxsh etdi. Yaratilgan bu imkoniyatlar tufayli men o‘z maqsadimga erishdim.

5) Raqobat qanchalik kuchli bo‘ldi?
Eʼtirof etish joizki, tanlovda ishtirok etgan barcha nomzodlarning har biri o‘z kuchiga, aniq maqsadiga va o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lgan bilim sohiblari edilar. Yurtimizning bu kabi iqtidorli munosib yoshlari orasidan eng munosiblari, deb topilganlar safida ekanligim men uchun ulkan sharaf!

6) Qabul jarayonida sizni eng ko‘p ajablantirgan narsa nima bo’ldi?

Shaffoflik. Bunda jamg‘arma hayʼati aʼzolaring ilmiy va maʼnaviy madaniyati ham alohida tahsinga loyiq. Men shaxsan guvohi bo‘lganim, har bir nomzodning o‘z bilim va iqtidorini to‘liq namoyon etishi uchun ular tomonidan to‘liq imkoniyat berildi va adolatli baholandi.

7) Ushbu universitetda o‘qishdan qanday natija kutmoqdasiz?
Sasseks universitetida olgan zamonaviy bilimlar va yangi amaliyotlar asosida men O‘zbekistonda logistika sohasidagi mavjud muammolar uchun to‘g‘ri yechimlarni topaman va Vatanimga qaytgandan so‘ng u yechimlarni hayotga tatbiq etishga umid qilaman.

8) Kelajak uchun qanday rejalaringiz bor?
Mening oldimda qo‘ygan maqsadlarimdan biri, Buyuk Britaniyada o‘z mutaxassisligim doirasida yetuk ilm darg‘alaridan bilim olish, tajriba orttirish hamda ularni O‘zbekistonning Yevropa bozoriga chiqish yo‘lini yanada osonlashtirish maqsadida tatbiq etishdan iborat. Sasseks universiteti tomonidan taqdim etilgan GSCLM magistratura darajasi mening professional va shaxsiy maqsadlarimga muvofiq bo‘ladi. Kelajakda qimmatli kasbiy va madaniy tajribaga ega bo‘lib, talab qilinadigan yetuk kadr sifatida O‘zbekistonning taraqqiyoti uchun sidqi dildan xizmat qilishni oliy maqsad qilganman. Zero, o‘z qizlarining bilim olishlari uchun bor kuchi va imkoniyatlarini sarflaydigan yurt olimalarining ilm dunyosi osmonidagi parvozlari hamisha yuksak va bardavom bo‘ladi!