24 yanvar kuni Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov va «High profile education» ta’lim markazi direktori Shukurullo Ismoilov sinov tarzida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi markaz negizida Inha universiteti qoshidagi uzluksiz ta’lim tayyorlov kurslari filialini ochish haqidagi kelishuvni imzoladi.
Ushbu kelishuv yoshlarni ta’limga jalb etish hamda ularning bilimga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ko‘proq tumanlarni qamrab olish va sifatli kadrlarni tayyorlashga kuchli turtki beradi.
Inha universiteti «High profile education» ta’lim markazi negizida o‘zining akademik dasturlari asosida birgalikdagi matematika, fizika va ingliz tili fanlaridan tayyorlov kurslarini tashkil etadi.
Uchrashuv davomida tomonlar filialning yaqin istiqbolda rivojlanishi hamda abituriyentlarni oliy o‘quv yurtlariga kirishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha rejalarini muhokama qilishdi.
Tinglovchilarni o‘qitish uchun ta’lim markaziga Inha universitetining xorijiy va mahalliy o‘qituvchilari jalb etiladi. Bu xorijiy tilni yaxshi biladiganlar bilan o‘rganishga sharoit va imkoniyat yaratadi.
«High profile education» markazi tayyorlov kurslarining tinglovchilari universitet qoshidagi uzluksiz ta’lim tayyorlov kurslari tinglovchilari kabi Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirishda teng imkoniyatlarga va imtiyozlarga ega bo‘ladi.
Yaqin vaqtda ushbu filialning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.