2025-yil 10-18 fevral kunlari Toshkent shahridagi Inha Universiteti talabalari Germaniyaga o‘quv safarida ishtirok etdilar.
SUNRISE AI xalqaro loyihasi doirasida, 2024-yil oktabr oyida Myunster Universiteti (Germaniya) bilan hamkorlikda boshlangan ushbu tashabbusda Toshkent shahridagi Inha Universiteti (IUT) talabalari Mirvohid Azimov, Abror Musulmonov va bitiruvchi Biybixonim Abdimuratova o‘z ish natijalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.
⚙Loyiha haqida:
SUNRISE AI Future Hub Project akademik soha va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, sun’iy intellektdan foydalanish orqali amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi — talabalar olgan nazariy bilimlar va biznes hamda sanoatning sun’iy intellekt sohasidagi real ehtiyojlari o‘rtasidagi tafovutni kamaytirishdir.
🔽2024-yil noyabr oyida Toshkent shahridagi Inha Universitetida loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi:
⭐ Sun’iy intellekt bo‘yicha talabalar va professor-o‘qituvchilarning qarashlarini o‘rganish uchun taqdimotlar, intervyular va seminarlar o‘tkazildi.
⭐ Ishtirokchilar sun’iy intellekt bilan shug‘ullanuvchi ilmiy tashkilotlar va kompaniyalar faoliyati bilan tanishdilar.
🔽Birinchi bosqich natijalari:
2025-yil 14-fevral kuni Myunster Universitetida «Project Seminar» bo‘lib o‘tdi, unda loyihaning birinchi bosqichi yakunlandi. Talabalar o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etib, sun’iy intellekt rivoji bo‘yicha istiqbolli yechimlarni taklif etdilar.
🌐 Loyiha 2025-yil oktabr oyigacha davom etadi. Bu esa talabalar uchun o‘z ishlarini davom ettirish, sun’iy intellekt sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirish va kelajak texnologiyalari rivojiga hissa qo‘shish imkonini beradi.

