Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev, School 21 marketing bo‘yicha direktori Vladislav Yurovskiy qizil tasmani tantanali ravishda kesishdi. Tashrif doirasida vazir joylashib bo‘lgan talabalar bilan suhbatlashdi – ular yotoqxonadagi sharoitlar qulay va kutilganlarga to‘liq mos kelishini ta’kidladilar.
Yangi bino 9 qavatdan iborat bo‘lib, talabalarni qulay va funksional xonalarga joylashtirishga mo‘ljallangan. Har bir qavatda 14 ta xona mavjud: o‘n uchtasi 4 kishilik, bittasi 6 kishilik. Birinchi qavat imkoniyati cheklangan talabalar uchun to‘liq moslashtirilgan: bu yerda qulay yashash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Uchinchi qavat qizlar uchun, to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qavatlar yigitlar uchun mo‘ljallangan va bu qavatlarning barchasi Inha talabalari uchun mo‘ljallangan.
Har bir qavat 20-25 kishiga mo‘ljallangan keng oshxona bilan jihozlangan bo‘lib, alohida muzlatgich kataklari kalit bilan yopiladi. Bu yerda 8 ta dush kabinasiga ega vannaxonalar ham mavjud. Birinchi qavatda 60 dan ortiq kishiga mo‘ljallangan zamonaviy kovorking, guruhlarda ishlash uchun alohida muzokaralar xonasi tashkil etilgan. Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida 28 ta kir yuvish va 28 ta quritish mashinalari bilan jihozlangan katta kirxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Xonalarda ish o‘rinlari va mashg‘ulotlarga samarali tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar mavjud.
Yangi yotoqxonaning ochilishi talabalar uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
