Joriy yilda Toshkent shahridagi Inha universiteti «Kompyuter va dasturiy injiniring» hamda «Biznes va logistika» yo‘nalishlari bo‘yicha 288 nafar bakalavr talabalariga diplom taqdim etildi. Shuningdek, raqamli transformatsiya bo‘yicha MBA magistrlarining uchinchi bitiruv kursi bo‘lib o‘tdi – 19 nafar mutaxassis dasturni muvaffaqiyatli yakunladi.
Marosimga Koreya Respublikasining INHA universiteti va «Chjonseok Inha» jamg‘armasining nufuzli delegatsiyasi tashrif buyurdi. Faxriy ishtirokchilar orasida INHA universiteti prezidenti professor Cho Myon Vu, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Von Do Yong, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Shermatov Sherzod Xotamovich, Inhaning Toshkent va Koreyadagi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va Bitiruvchilar uyushmasi vakillari bor edi.
Marosim davlat va universitet bayroqlarini tantanali ravishda olib kirish bilan ochildi. Bir daqiqalik sukutdan so‘ng doktor Nosir xotirasiga bag‘ishlab O‘zbekiston va Koreya Respublikasi madhiyalari yangradi.
Tadbir ishtirokchilari oldida INHA universiteti prezidenti Cho Myon Vu, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yong, vazirlik vakillari tabrik so‘zlari bilan so‘zga chiqdilar. Ular o‘z murojaatlarida Inha universitetining O‘zbekiston uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shgan hissasini qayd etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi xalqaro akademik hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladilar.
Marosim davomida eng yaxshi bitiruvchilarga – oliy akademik yutuqlar, yetakchilik qobiliyatlari, innovatsion loyihalar va universitet hayotidagi faol ishtiroki uchun mukofotlar topshirildi. Mukofotlar INHA, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim vazirligi rahbarlari va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori tomonidan topshirildi.
Shuningdek, kunning asosiy tadbiri – diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Har bir bitiruvchiga INHA universiteti prezidenti Cho Myon Vu tomonidan diplom va rektor Bobur Abdullayev tomonidan esdalik sovg‘asi topshirildi. Marosim o‘qituvchilarning videomurojaati, yil vakili talabaning nutqi va 2025-yil sinfining yakuniy taqdimoti bilan yakunlandi. Rasmiy qismdan so‘ng bitiruvchilar va faxriy mehmonlar esdalik uchun suratga tushishdi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchilarini tabriklaymiz!
Universitetda olgan bilim va tajribangiz sizga muvaffaqiyatli karyera qurishga, yangi ufqlarni dadil ochishga va O‘zbekiston hamda jahon hamjamiyati rivojiga hissa qo‘shishga yordam bersin.
