29-noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasining ikkinchi mavsumiga start berildi. Ushbu tadbir IT va ta’lim sohalari va davlat idoralari rahbarlarini O‘zbekiston yoshlarida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha natijalar va keyingi qadamlarni muhokama qilish uchun birlashtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov qutlov so‘zi bilan so‘zga chiqib, yoshlarda zamonaviy kasb-hunar va talab yuqori bo‘lgan kompetensiyalarni rivojlantirish sharoitidagi tashabbus muhimligini ta’kidladi.
Konferensiyaning maxsus mehmoni Courseraning Hindiston va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha direktori Raghav Gupta bo‘ldi. U o‘z taqdimotida Coursera platformasining ta’lim imkoniyatlari haqida batafsil to‘xtalib, O‘zbekiston platformadagi talabalar soni bo‘yicha yetakchi ekanligini ta’kidladi. Platformaning talabalar va mutaxassislarning malakasini oshirishga qo‘shgan hissasi global ta’lim ekotizimining muhim elementiga aylandi.
Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi doirasidagi kelgusi rejalar bilan tanishtirar ekan, yoshlar o‘rtasida IT sohasidagi professional ko‘nikmalarni oshirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va loyihaning eng yaxshi ishtirokchilari qo‘llab-quvvatlanib, munosib taqdirlanishini ta’kidladi.
Tadbir doirasida g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahridagi Inha universitetimizga kadrlar tayyorlash uchun 500 million so‘mlik vaucher taqdim etildi. Ushbu vaucherlar Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalariga ularning kasbiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan qo‘shimcha sertifikatlar olish imkoniyatini beradi.
“Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi aholi o‘rtasida raqamli kompetensiyalarni rivojlantirib, ajoyib natijalarni ko‘rsatishda davom etmoqda va ikkinchi mavsumga tantanali ravishda start bermoqda.