IUTda «WiseStone U» kompaniyasining ofisi ochildi

21-yanvar kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida WiseStone U kompaniyasining ofisining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.Yangi ofis O‘zbekistonda «WiseStone U» nomi ostida faoliyat yuritadigan Janubiy Koreyaning yetakchi WiseStone T kompaniyasining ofisidir.

Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i A.Atabekov, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori M.Djalalov, IT-Park Uzbekistan direktori o‘rinbosari M.Muxsinova, WiseStone U direktori Insuk Kim va boshqa mehmonlar ishtirok etdi. Ular ramziy ravishda qizil tasmani kesib, loyihaga muvaffaqiyatli rivojlanish va O‘zbekiston IT-sektorini rivojlantirishga katta hissa qo‘shishlarini tiladilar.

WiseStone T – Janubiy Koreyada sinovdan o‘tkazish va dasturiy ta’minot sifatini ta’minlash sohasida tan olingan yetakchi hisoblanadi. Kompaniya sun’iy intellekt sifatini sertifikatlash bo‘yicha Koreyadagi yagona akkreditatsiya qilingan muassasadir.

O‘zbekistonda WiseStone U dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha funksional, API, samarali va avtomatlashtirilgan sinov kabi to‘liq xizmatlarni taqdim etadi. IoT, AI va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish kabi innovatsion yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Kompaniya elektron tijorat, moliya sektori, telekommunikatsiyalar, avtomobil sanoati, o‘rnatilgan tizimlarni ishlab chiqarish va boshqa asosiy tarmoqlarga xizmat ko‘rsatadi.

WiseStone U ofisining ochilishi nafaqat xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi qadam, balki O‘zbekistonning innovatsion salohiyatini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissadir.