MCC mintaqasida akademik o’quv materiallarini ishlab chiqishni qo’llab-quvvatlash uchun TShIUda “SAP Next-Gen Chapter” ochiladi

2023-yil 6-9-mart kunlari SAP SE Headquarters, Waldorf (Germaniya) SAP University Alliance global hamjamiyat konferensiyasiga mezbonlik qildi. Tadbir SAP global akademik hamjamiyatining aʼzolari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish va taʼlim muassasalari boʻyicha takliflarni, jahon hamjamiyatining ilmiy loyihalari va amaliyotlarini yangilash, shuningdek, taʼlim va tadqiqot sohasidagi kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlarni birgalikda belgilashga qaratilgan.

Forum doirasida 8-mart kuni SAP University Alliance vitse-prezidenti doktor Michael Nurnberg bilan ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi va uning davomida akademik taʼlimni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Inha universitetida “SAP Next-Gen Chapter” ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Akademik kompetensiya markazi MCC mintaqasida o‘quv va ilmiy jarayonlarda SAP yechimlaridan foydalanish bo‘yicha asosiy muvofiqlashtiruvchi metodik markaz vazifasini bajaradi.

Ushbu markazning ochilishi O‘zbekiston Respublikasida ham, MCC mintaqasida ham ta’lim sifati va darajasini oshirish, ilmiy-texnikaviy va innovatsion sohani takomillashtirishga qaratilgan.