TshIU talabalari “ICT WEEK 2023” haftaligi tadbiri doirasida 100 ming AQSH dollarini qo’lga kiritdilar

 

25-oktabr kuni “ICT Expo Uzbekistan 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimining eng muhim jihati TshIU talabalariga “Prezident Tech Award” mukofoti g‘oliblarini taqdirlash bo‘ldi. G‘oliblarga 100 ming AQSh dollari topshirildi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari Maftuna Ziyamova, Yasmina Ablaeva, David Alkamyan va Oliy iqtisodiyot maktabi talabasi Behruz A’zam “Sog‘ Bo‘l” loyihasini ishlab chiqqan edilar.

«Sog‘ Bo‘l» tibbiy loyihasi foydalanuvchilarga barcha tahlil natijalarini bir joyda to‘plash imkonini beradi, o‘z navbatida, sun’iy intellekt ko‘rsatkichlarni tahlil qiladi va dastlabki tashxisni qo‘yadi, shuningdek, kasallik tarixi ham tuziladi. Bularning barchasi shifokorlarga sezilarli darajada yordam berishi kutilmoqda.

«Biz g’alabadan juda xursandmiz va g’olib bo’lishimizni umuman kutmagan edik; musobaqada 170 dan ortiq jamoalar o’zaro kuch sinashdi. Biz kechayu kunduz astoydil harakat qildik. Loyihani mukammal qilish uchun qo’limizdan kelgan barcha harakatlarni qildik. AKT haftaligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida mamlakatimiz Markaziy Osiyoning “IT-hub”iga aylanayotganini tushunamiz va biz ushbu taraqqiyotga hissa qo‘shayotgan yoshlarning bir qismi ekanligimizdan g‘ururlanamiz!” – deya ta’kidladilar g’oliblar.