28-iyun kuni «Taʼlimda zamonaviy texnologiyalar: muammolar, yechimlar va istiqbollar” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbirda respublikamizning turli hududlaridan 1000 dan ortiq olimlar, ta’lim sohasi mutaxassislari va umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari oflayn va onlayn rejimlarda ishtirok etdi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, YUNESKO, YUNISEF, Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi mas’ullari, shuningdek, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalov ishtirok etdi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad:
– taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish orqali oʻqitishning interfaol shakl va metodlarini tahlil qilish;
– taʼlim mazmuni, sifati va samaradorligini oshirishda raqamli texnologiyalarning integratsiyasi boʻyicha ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish;
– pedagogik dasturiy vositalar, shu jumladan, raqamli taʼlim resurslari va multimediali kontentlarni yaratish texnologiyalarini koʻrib chiqish;
– taʼlimda sunʼiy intellekt texnologiyalari va immersiv (VR, AR va MR) vositalarning samaradorliklarini muhokama qilish;
– taʼlim ishtirokchilarida raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan taklif va tavsiyalarni oʻrganish.
Konferensiya davomida oʻtkazilgan muhokamalar natijasida taʼlimga raqamli texnologiyalarni joriy etish, bu borada taʼlim mazmunini boyitib borish, shuningdek, pedagoglarni metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan turli muammolar va ularning yechimlari boʻyicha ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqiladi.