Toshkent shahrida “Global Business Services Forum 2024” tadbiri bo‘lib o‘tmoqda

24 iyul kuni butun dunyodan 200 dan ortiq soha yetakchilari va hamkorlarini birlashtirgan Global Business Services Forum 2024 boshlandi. Forum Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning autsorsing salohiyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan muhim voqea bo‘ldi.
Forumda Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalov ishtirok etdi. Ishtirokchilar autsorsingning dolzarb masalalari, uni mintaqada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘zining qutlov nutqida mamlakatimiz hukumatining IT-sanoatni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish va autsorsing xizmatlari eksportini rag‘batlantirishga intilishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda dunyoning yetakchi autsorsing markazlaridan biriga aylanish uchun barcha zarur resurslar va salohiyat mavjudligini ta’kidladi.
Tadbir so‘ngida IT-Park bosh direktori Farxod Ibragimov roppa-rosa 5 yil avval IT-Park o‘z faoliyatini boshlagani va mamlakat farovonligi yo‘lida rivojlanishda davom etayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Techno Expo 2024” koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekistonning IT va autsorsing sektorlari, shuningdek, yetakchi oliy oʻquv yurtlarining vakillari ishtirok etdilar. Toshkents shahridagi Inha universiteti stendi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi, ishtirokchilar faoliyatimiz bilan yaqindan tanishish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniga ega bo‘ldilar.