2022-yil 23-iyun kuni Toshkent shahridagi Inha universitetiga ikkinchi kirish imtihoniga ro’yxatdan o’tgan abituriyentlar uchun konsultatsiya kuni bo’lib o’tdi.
Kompyuter va dasturiy injiniring hamda Biznes va logistika fakultetlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun konsultatsiyalar o’tkazildi. Janubiy Koreyadagi Inha universiteti vakillari jarayonning texnik tomonlari haqida batafsil so’zlab berishdi. Shuningdek, konsultatsiyalar davomida kuzatuvchilar imtihonlarga ro’yxatdan o’tgan abituriyentlar identifikatsiyasini amalga oshirishdi.
“Bizda imtihon jarayonida qatnashish huquqi yo‘q, bu qoida Toshkent shahridagi Inha universiteti ochilgan birinchi kunlaridan kiritilgan. Kirish imtihonlari doimo Koreya tomonidan o‘tkaziladi, bu esa jarayonning shaffofligini kafolatlaydi. Ba’zi abituriyentlarimiz chet ellarda bo‘la turib, Toshkent shahridagi Inha universitetiga kirishni afzal ko‘rishadi, mening fikrimcha bu, xalqaro universitetlar o‘rtasida bizning universitetni yuqori raqobatdoshligi ko‘rsatkichidir. Barchangizga muvaffaqiyatlar tilayman, o’z qudratingiz va bilimingizga ishoning!” – dedi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalov.
Eslatib o’tamiz, 24 va 26 iyun kunlari ikkinchi kirish imtihonlari o’tkaziladi.