Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi

 

2024-yil 9-noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida 2023/2024-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yil ushbu tadbir katta ahamiyatga ega, chunki bu yil Toshkent shahridagi Inha universiteti tashkil topganining 10 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladi.

2014-yilda tashkil etilgan Toshkent shahridagi Inha universiteti axborot texnologiyalari va logistika sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekistondagi yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi.

Bitiruv marosimida ishtirok etish uchun Koreya Respublikasining INHA universitetidan INHA prezidenti professor Cho Myeong Woo boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Marosimda Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Lee Hwa Seok va Toshkent shahridagi Inha universitetining birinchi rektori va boshqa nufuzli mehmonlar ishtirok etdilar.

Bitiruvchilarga diplomlarni shaxsan INHA universiteti (Koreya) prezidenti  Cho Myeong Woo va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalovlar topshirdilar.

2024-yilda Toshkent shahridagi Inha universitetining “Kompyuter va dasturiy injiniring” hamda “Biznes va logistika” yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat bosqichini 239 nafar talaba tamomladi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchilari O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarida, shuningdek, yirik xalqaro kompaniyalarda (Facebook, Google, Uber, EPAM, E&Y, Huawei) o’z ish faoliyatlarini olib bormoqdalar.

Shuningdek, joriy yilda MBA yo‘nalishi bo‘yicha 11 nafar magistratura bosqichining ikkinchi bitiruvi bo‘lib o‘tdi.

Barcha bitiruvchilarni tabriklaymiz! Siz hayotingizdagi uzoq va muhim bo’lgan sayohatni bosib o’tdingiz. Kelajakda katta muvaffaqiyatlar tilaymiz va sizni Inha universitetimizda ko’rishdan doimo xursandmiz!