Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi Myunxendagi (Germaniya) Google kompaniyasida ish boshladi

Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi Rustam Zokirov Germaniyaning Myunxen shahridagi Google kompaniyasining Android EngProd jamoasida Test muhandisi (Test Engineer/SDET) lavozimini egalladi.
Bitiruvchilarimiz Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘qishni tugatib, yuksak marralarni zabt etayotgani va muvaffaqiyatli martaba qurayotganidan g‘oyat faxrlanamiz. Rustam o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi:
«Mening karyeram TShIUdagi uchinchi kursimda EPAM Systems kompaniyasida kichik dasturiy ta’minot muhandisi bo‘lib ishlay boshlaganimdan boshlandi. Keyingi ikki yil ichida men Katta dasturiy ta’minot muhandisi lavozimiga ko‘tarildim. Google’da ishlashni boshlashdan oldin, Inha universitetida uchinchi kursimda Facebook bilan bo‘lgan suhbatda muvaffaqiyatsizlikka uchraganman va to‘rtinchi kursda Bloomberg bilan bo‘lgan suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlamoqchiman: rad javobini eshitishdan qo‘rqmang, eng muhimi, o‘z ustingizda ishlashda davom etish va maqsadlaringizga erishishdir.
Googleda ishlash va mening tajribam haqida
2023-yilda Inha universitetini tamomlaganimdan so‘ng, men Google’ga careers.google.com orqali hech qanday tavsiyalarsiz hujjat topshirdim. Uch kundan so‘ng, ishga yollovchi men bilan bog‘landi va biz bir qator texnik va texnik bo‘lmagan suhbatlarni boshladik. Hammasi bo‘lib 8 ta rasmiy suhbat bo‘ldi. Suhbat jarayoni 2 oy davom etdi, undan keyin jamoani yig‘ish jarayoni uchun 6 oy va viza uchun yana 3 oy. Umuman olganda, butun jarayon bir yil davom etdi.
Ushbu jarayon haqida ko‘proq ma’lumotni Telegram blogimdan olishingiz mumkin: //t.me/cracking_maang.
Suhbat davomida men O‘zbekistonda bo‘ldim. Rasmiy taklifni olganimdan so‘ng, Google menga viza olishda va Myunxenga ko‘chish jarayonida yordam berdi. O‘zbekistonda bo‘la turib Google’dan taklif olgan birinchilardan bo‘ldim. Ko‘pgina texnik mutaxassislar buni imkonsiz deb hisoblashadi, lekin siz ko‘rib turganingizdek, imkoniyatlar cheksizdir.
Hozirda men Germaniyaning Myunxen shahridagi Google ofisida Android EngProd jamoasida Test bo‘yicha dasturiy ta’minot muhandisi sifatida ishlamoqdaman. Google’da Test-muhandislari ham dasturiy ta’minot muhandislari hisoblanadilar, lekin ko‘proq rivojlanish samaradorligiga e’tibor beriladi. Biz ichki jarayonlarni avtomatlashtirish, foydali asoslar va vositalarni yaratish, mahsulot sinovlarini loyihalash  hamda sinov infratuzilmasini qurish orqali ishlab chiqish guruhlarini yanada samaraliroq qilishga intilamiz. Biz tez, samarali va sifatli ishlashni maqsad qilganmiz. Test Engineer’ning vazifasi faqatgina xatolarni topishdan iborat emas; u boshqaruv, DevOps, ishlab chiqish, avtomatlashtirish va mahsulot va kod sifatini ta’minlashni o‘z ichiga oladi. Bu ijodiy kasb – siz foydalanuvchi kabi o‘ylashingiz, dasturiy ta’minot buzilishi mumkin bo‘lgan ssenariylarni o‘ylab ko‘rishingiz va turli xil holatlarni ko‘rib chiqishingiz kerak. Siz mijozlar bilan muloqot qilasiz, biznes tahlilchisi sifatida ishlaysiz va UI/UXni ishlab chiqish va ko‘rib chiqishda ishtirok etasiz. Agar siz o‘z ishingizni yaxshi va xatosiz bajarsangiz, ushbu jarayonning ajralmas bir qismiga aylanasiz.
Toshkent shahridagi Inha universitetining roli
Inha universitetida odamlar, shubhasiz, asosiy manbadir. Inhadagi o‘qishim davomida men o‘sishimga ajoyib hissa qo‘shgan muhitni topdim. Atrofimda o‘qiyotgan va ajoyib loyihalar ustida ishlayotgan muvaffaqiyatli talabalarni ko‘rish menga kuch bag‘ishladi va yo‘limni davom ettirishga turtki bo‘ldi. Men uchun bu to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, ajoyib odamlar bilan do‘stlashish va turli loyihalarni yaratish uchun birgalikda ishlashim mumkin bo‘lgan eng yaxshi joylardan biriga aylandi.
MAANG darajasidagi kompaniyalarda ishlashni xohlovchi Toshkent shahridagi Inha universitetining hozirgi talabalariga maslahatim.
Aniq maqsadlar qo‘ying va ularga erishish yo‘lidagi kerakli bilimlarni olishga harakat qiling. Sabrli va qat’iyatli bo‘ling. Ushbu yo‘lda harakat qilasiz, qoqilasiz, o‘rganasiz va yana qayta urinasiz. Aynan shu jarayonda natijadan emas, balki hayotdan va jarayondan zavq olishni unutmang. Muloqot qiling va tarmog‘ingizni kengaytiring, savollar berishni o‘rganing, muloqot va tinglash qobiliyatingizni rivojlantiring. Baxtli bo‘lish muvaffaqiyatga erishishdan ko‘ra muhimroqdir. O‘zingiz yoqtirgan ish bilan shug‘ullansangiz, har kuni ertalab xursandchilik bilan, ishga borish istagi bilan uyg‘onasiz va bu esa muvaffaqiyatga erishishingiz yo‘lida muhim omildir. Shunday qilib, har bir o‘tayotgan kuningizdan zavqlaning!»