Toshkent shahridagi Inha universiteti CSS 2024 panel muhokamasida ishtirok etdi

10-oktabr kuni butun dunyodan yetakchi soha mutaxassislarini birlashtirgan ikki kunlik CSS 2024 sammiti doirasida panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori “O‘zbekistonda kiberxavfsizlik bo‘yicha hozirgi va keyingi avlod mutaxassislarini o‘qitish, tayyorlash va ish bilan ta’minlash” mavzusidagi suhbatda ishtirok etdi.
Muhokama davomida ishtirokchilar shiddat bilan rivojlanayotgan kiberxavfsizlik sohasi uchun kadrlarni shakllantirish bilan bog‘liq asosiy masalalarni ko‘tardilar. Mutaxassislar tayyorlashda ta’lim muassasalari oldida turgan zamonaviy vazifalar, o‘quv dasturlarini sohaning tez o‘zgarib borayotgan talablariga moslashtirish yo‘llari, shuningdek, bitiruvchilarni samarali ish bilan ta’minlash uchun oliy o‘quv yurtlari va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Talabalarda kiberhujumlarga qarshi kurashish va O‘zbekistonning muhim infratuzilmalarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bunday muhokamalarda Toshkent shahridagi Inha universitetining ishtiroki mamlakat raqamli xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdagi faol rolini tasdiqlaydi.