Toshkent shahridagi Inha universiteti CyberGuard CUP 2025 kiberxavfsizlik hakatoniga mezbonlik qildi

2025-yil 22–23-dekabr kunlari Toshkent shahridagi Inha universiteti Capture the Flag (CTF) formatida o‘tkazilgan CyberGuard CUP 2025 kiberxavfsizlik hakatoniga mezbonlik qildi. Tadbirda texnik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek ta’lim muassasalari va AT-industriya vakillari ishtirok etdi.

Hakaton talabalar, soha mutaxassislari va ekspertlarni birlashtirib, real kiberxavfsizlik muammolarini CTF musobaqasi doirasida hal etishga qaratilgan samarali hamkorlik maydoniga aylandi.

Tadbirning asosiy maqsadi talabalarning kiberxavfsizlik sohasidagi amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Ushbu jarayon hujum va himoya operatsiyalarini amalga oshirish (Red/Blue Team), tarmoq trafigini tahlil qilish hamda himoyalangan arxitekturalarni loyihalashni o‘z ichiga oldi. CyberGuard CUP 2025’ning muhim jihatlaridan biri jarayonlarning to‘liq avtomatlashtirilgani bo‘lib, topshiriqlar, bayroqlar va ballarni hisoblash maxsus CTF platformasi orqali amalga oshirildi. Hakamlar hay’ati esa natijalarning shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida moderator va verifikatorlar sifatida faoliyat yuritdi.

Hakatonda kiberxavfsizlik sohasida amaliy tajribaga ega bo‘lgan 200 nafardan ortiq talaba va 20 nafar mentor ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilarga nafaqat texnik bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, balki jamoada samarali ishlash, strategik fikrlash hamda yuqori bosim ostida birgalikda qaror qabul qilish malakalarini rivojlantirish imkonini berdi.

G‘oliblar quyidagi sovrinlar bilan taqdirlandi:

  • 1-o‘rin: Gruziyada tashkil etiladigan kiber-oromgohda ishtirok etish xarajatlarini to‘liq qoplash hamda sertifikat
  • 2-o‘rin: 10 million so‘m
  • 3-o‘rin: 5 million so‘m

Toshkent shahridagi Inha universitetirektori Bobur Abdullayev tadbir yuzasidan quyidagilarni ta’kidladi:

“CyberGuard CUP 2025 kiberxavfsizlik sohasida amaliy kompetensiyalarni shakllantirish uchun muhim platformaga aylandi. Biz real raqamli muammolar bilan ishlay oladigan, mas’uliyatli qarorlar qabul qiladigan hamda jamoada samarali faoliyat yurita oladigan mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilganmiz. Bunday tashabbuslar ta’lim va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, mamlakatda barqaror raqamli ekotizimni rivojlantirishga xizmat qiladi.”

Tadbirning bosh homiysi sifatida ONESEC kompaniyasi ishtirok etdi va kiberxavfsizlikni rivojlantirish hamda professional hamjamiyatni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan strategik sadoqatini tasdiqladi.
ONESEC MChJ bosh direktori Dmitriy Paleyev:

“Biz uchun ushbu tadbirni qo‘llab-quvvatlash oddiy homiylik emas, balki kelajakka qaratilgan investitsiyadir. Biz kiberxavfsizlik sohasida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga ongli ravishda sarmoya kiritmoqdamiz, chunki aynan ular yaqin yillarda biznes va jamiyatning raqamli barqarorligini ta’minlaydi.”

CyberGuard CUP 2025 hakatonining asosiy maqsadi etik xakerlikni ommalashtirish, axborot xavfsizligi madaniyatini mustahkamlash hamda talabalarni real kiberxavflarga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqishga tayyorlashdan iborat bo‘ldi.