Toshkent shahridagi Inha universiteti «ICTWEEK Uzbekistan 2022» haftaligida ishtirok etmoqda

2022-yilning 24-oktabr kuni Samarqand shahrida yilning asosiy voqealaridan biri – ICTWEEK Uzbekistan 2022 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi.
Ma’lumki, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida axborot xavfsizligi va dasturiy ta’minot bozorini rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish, O‘zbekistonni axborot texnologiyalari sohasidagi mintaqaviy markaz – IT-xabga aylantirish, respublikada raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish natijasida erishilgan yutuqlar, imkoniyat va imtiyozlarni namoyish etish, amaliy natijalar va rivojlanish tendensiyalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Ushbu “ICTWeek Uzbekistan 2022” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi 2022-yil 24-27-oktabr kunlari bo’lib o’tadi.
Tadbir Samarqand shahridagi “Silk road Samarqand” yangi xalqaro turizm markazi hududida yirik xorijiy va mahalliy kompaniyalar o‘zlarining yangi texnologik yechimlarini taqdim etadilar. Tadbirda 60 dan ortiq xorijiy yirik kompaniyalar qatnashadi.
«ICTWEEK Uzbekistan 2022» haftaligida Toshkent shahridagi Inha universitetining xodimlari, ko’ngilli talabalari, shuningdek, universitet rahbariyatidan iborat jamoasi ham ishtirok etmoqda. Xususan, TShIU o’z stendini taqdim etadi, unda har bir kishi universitet haqidagi kerakli bo’lgan ma’lumotlarga ega bo’lishi, shuningdek, o’qishga kirish bo’yicha maslahatlar olishi mumkin. “ICTWEEK Uzbekistan 2022” haftaligi doirasida TShIU “IT Education Summit”da ishtirok etadi – unda ishtirokchilar IT-ta’lim sohasida jahon tajribasini joriy etish masalalarini muhokama qiladilar. Xususan, Sammit sessiyalaridan birining moderatori Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalov va TShIU prorektori professor Subong Shin taqdimot qiladilar.
“ICTWEEK 2022” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi 2004-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinmoqda. Oxirgi 18 yil davomida ushbu tadbir an’anaviy tarzda bir qator ixtisoslashgan tadbirlarni yagona formatda birlashtirib kelmoqda.