Toshkent shahridagi Inha universiteti xodimlari «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiya tanlovida g‘olib bo‘lishdi

1) Ismingiz va familiyangiz, yoshingiz va TShIUdagi lavozimingiz?

Men Askarova Amira “El yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatiman. Yoshim 26 da. Hozirda Toshkent shahridagi Inha universitetining Akademik boshqaruv bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman.

2) Siz kirgan magistrlik dasturi va universitet nomi nima? Qaysi shaharda joylashgan?

AQSH da joylashgan bir nechta universitetlarning “Oliy ta’lim boshqaruvi” magistratura bosqichiga hujjatlar topshirdim va muvaffaqiyatli ravishda o’qishga qabul qilindim. 

Shuningdek, “Times Higher Education World university ranking” ya’ni Butun jahon universitetlari reytingiga ko‘ra 13-o‘rinda bo‘lgan University of Pennsylvania – Pensilvaniya univeristetidan 15000$ miqdorida stipendiya, 201-250-o‘rinda bo‘lgan The George Washington university – Jorj Vashington universitetidan 32000$ miqdorida stipendiya qo‘lga kiritdim. 

3) Aynan ushbu yo‘nalishni tanlashingizga nima sabab bo‘ldi?

Oliy ta’lim sohasidagi asosiy bilim ko‘nikmalarni Toshkent shahridagi Inha universitetida oldim va mutaxassis sifatida rivojlandim. Aynan shu dargohda ushbu sohaga qiziqishim uyg‘ondi. Deyarli 2 yil davomida ishlab hududiy va xorijiy universitetlarni solishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

4) “El yurt umidi” jamg‘armasi haqida gapirib bersangiz.

Univeristetlarga qabul qilinganim va stipendiya qo‘lga kiritganligimning o‘z oddiy oila farzandi uchun kamlik qilardi. Shuning uchun mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El yurt umidi” jamg’armasi ilgʻor xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida ta’lim olish uchun stipendiya tanlovlarini e’lon qilganini bilib, hujjatlarimni topshirdim. Tanlov ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda nomzodlar topshirgan hujjatlariga ko‘ra saralanib olindi. Ikkinchi bosqichda esa suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbat kuni hamma narsa o‘ylaganimdan ko‘ra boshqacharoq bo‘ldi. Komissiya a’zolari juda adolatli va samimiy tarzda suhbat o’tkazishdi. Barcha nomzodlar egallagan bilim va ko‘nikmalariga ko‘ra baholandilar. Menimcha, 2-bosqichdan o‘tgan nomzodlar ro‘yhati e’lon qilingunicha, har bir nomzodning hayolidan meni qabul qilisharmikan yo‘qmikan, bilimlarim yetarlimikan, savollarga bergan javoblarim ularni qoniqtirdimikan degan o’ylar o‘tgan bo‘lsa kerak. Yakuniy javoblar e’lon qilinganida o‘zimning “nomzod” nomidan “El yurt umidi” jamg’armasi “stipendiat”i nomiga sazovor bo‘lganlar qatorida ko‘rib juda ham xursand bo‘ldim. Men oilamiz tarixida chet elda ta’lim oladigan birinchi farzandman va bu nafaqat men balki oilam uchun ham quvonarli holat. Men “El-yurt umidi” jamg‘armasiga faqatgina moliyaviy jihatdan ta’minlovchi manba sifatida emas, balki, meni ham kasbiy, ham ma’naviy va ruhiy jihatdan barkamol inson bo‘lib yetishishim uchun ko‘mak beruvchi imkoniyat sifatida qarayman. Hozirda hujjatlarimni rasmiylashtirish jarayonidaman, shu yilning avgust oyida AQSH ga uchib ketish taraddudidaman.

5) Kelajak uchun qanday rejalaringiz bor?

Bugun nima qilishim kerakligi, men qanday yashashni va kelajakda kim bo‘lishni xohlayotganimga bog‘liqdir. Yurtimizdagi Oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shish va ona vatanim farovonligini oshirishda yordam berish mening asosiy burchimdir. Xorijda ya’ni Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘qishdan asosiy maqsadim butun dunyoda yurtimiz sha’nini ko‘tarishdir. AQSH ko‘chalarida yurganimda insonlar “Do you know Uzbekistan?” savoliga “Yes, Sure” deb javob berishlarini ich ichimdan juda ham xohlardim. Shu maqsadda, magistratura bosqichini Amerikada davom ettirish, ulardagi ta’lim jarayonini chuqur o‘rganish va bu bilimlarimni Yangi qurilayotgan O‘zbekistonimda qo‘llashni o‘z vazifam deb bilaman. Magistr darajasini olganimdan so‘ng birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilab qo’yilgan vazifalarni amalga oshirishda o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Bundan tashqari, AQSH universitetlarining yetakchi professorlarini O‘zbeksiton oliy ta’lim muassasasi talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun dars, seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazishga chaqirish va yurtimizda aynan Ta’lim sohasida boshqaruv yo‘nalishini ochish bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqchiman. O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari va AQSH universitetlari o‘rtasida o‘rnatiladigan ushbu ilmiy hamkorlik nafaqat talabalarimiz bilim saviyasini oshirishga xizmat qiladi, balki Oliy ta’lim tizimida hozir juda ham zarur bo‘lgan kadrlar muammosini hal qilib, mehnat bozoriga eng sifatli professionallarni yetkazib beruvchi oliy ta’lim maskanlariga aylantiradi. Bo‘lajak ushbu hamkorlik hududiy universitetlarimizning dunyo institutlari orasida reytingini oshirib, jahonning eng nufuzli 1000 va 500 ta oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirishi uchun yordam berishiga ishonaman. Ushbu yutug‘im meni kelajakda o‘z o‘rnimni topishim va jamiyatimizni rivojlantirish uchun kerakli mutaxassis bo‘lib yetishishimga asos ya’ni bir ko‘prik bo‘ladi. 

Fursatdan foydalanib, meni doimo qo‘llab quvvatlagan ota-onamga, mutaxassis sifatida rivojlanishimga hissa qo’shgan Toshkent shahridagi Inha universiteti rahbariyati va xodimlariga,  stipendiat nomiga loyiq deb topgan “El yurt umidi” jamg‘armasi vakillarga, va mana shunday imkoniyatlarni yoshlarga yaratib berayotgan davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.