Toshkent shahridagi Inha universitetida Rector’s Cup-2025 xakatoni muvaffaqiyatli boshlandi

19-aprel kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘zbek tilida virtual yordamchilar va sun’iy intellekt sohasida innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan Rector’s Cup-2025 xakatonining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Xakaton davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sun’iy intellekt, robototexnika, kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarda startap-loyihalar ishlanmalarini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev tabrik so‘zi bilan so‘zga chiqib, O‘zbekistonda talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, tadbir homiylari – Kiberxavfsizlik markazi UZCERT departamenti direktori A’zam Gafurov, Ipak yo‘li banki ma’lumotlar bazasi direktori Baurjan Aubakir hamda Asia Alliance Bank axborot texnologiyalari departamenti direktori o‘rinbosari Bahodir Mavlonov so‘zga chiqdi.

Xakatonning birinchi kunida ishtirokchilar murabbiylar va hakamlar hay’ati a’zolari bilan tanishdilar, jamoalarni shakllantirdilar va loyihalar ustida ishlashni boshladilar. Kun davomida dastlabki murabbiylik sessiyalari va nazorat nuqtalari o‘tkaziladi, u yerda jamoalar ekspertlardan qimmatli tavsiyalar oladilar.
 

Rector’s Cup-2025 mashinali o‘rganish sohasidagi bilimlarini qo‘llash va sun’iy intellekt mahsulotlarini yaratishga intilayotgan iqtidorli talabalarni birlashtirdi.

✓ Oldinda hali qizg‘in va faol ish bor, ertaga loyihalarning yakuniy taqdimoti bo‘lib o‘tadi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi 21-aprel, dushanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Barcha ishtirokchilarga omad, ilhom va ajoyib natijalar tilaymiz!