Toshkent shahridagi Inha universitetining bitiruvchisi dunyoga mashhur Tesla kompaniyasida o’z ish faoliyatini boshladi.

 

Dilmurod Yangiboev Toshkent shahridagi Inha universitetining 2021-yil bitiruvchisi.

Dilmurod, Toshkent shahridagi Inha universitetini tamomlagandan keyingi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz?

Uchinchi bosqichdan so’ng men karyera imkoniyatlarini qidira boshladim. Amaliy tajribaga ega bo’lish uchun men “Udevs”da amaliyotni boshladim va u yerda kerakli tajribaga ega bo’lganimdan so’ng lavozimimni ham ko’tarishdi. Biroz vaqtdan so’ng “Epam” O‘zbekiston bozoriga kirib keldi va men xalqaro loyihalar ustida ishlay boshladim. Shu orada chet eldan yaxshi ish takliflari kela boshladi.

Siz hozir Germaniyada ekanligingizni bilamiz. Yangi mamlakat, yangi muhitga moslashish qiyin bo’lmadimi?

Menga Germaniya turmush tarzi va tabiati juda yoqdi. Germaniyaga sayohatim «Momox» kompaniyasining ishga olish bo’yicha menejeri LinkedIn orqali aloqaga chiqqanidan boshlangan.

Germaniyada dasturiy ta’minot bo’yicha muhandislarga talab yuqori, shuning uchun mamlakatning viza tizimi yuqori malakali shaxslar uchun soddalashtirilgan.

Ish qidirish haqida gap ketganda, dasturchilar o’z sohalarida ko’plab ish takiflarini o’rganib, o’zlariga mos keladigan ishni topishlari mumkin.

Yaqinda sizga dunyoga mashhur kompaniyadan taklif tushganidan xabarimiz bor. Bu haqda ko’proq ma’lumot bersangiz?

Ha, men Tesla-da o’z ish faoliyatimni boshladim. Tesla xodimlari o’z sohalarida yuqori malaka va bilimga ega. Bizning vazifamiz umumiy maqsadlarga erishish uchun birgalikda harakat qilishdir. Tesla tez rivojlanayotgan va innovatsion kompaniya sifatida obro’ga ega. Mening jamoam juda qattiq mehnat qilmoqda va ishlab chiqarish liniyalariga mas’ul bo’lgani uchun bizda ish juda ham ko’p. Har haftada har bir Giga zavodi barcha xodimlar oldiga maqsad qo’yadi. Misol uchun, Giga Berlin haftasiga 3000 dona avtomobil ishlab chiqarishni maqsad qilib qo‘ygan bo’lsa, kelasi haftadan esa 3500 dona avtomobil ishlab chiqarishni boshlaydi. Ishonchim komil, barchangiz Ilon Maskning ish uslubi haqida eshitgandirsiz. Men buni jamoamda allaqachon his qilganman.

Kompaniya barqarorlik va o’zini rivojlantirish, ekologik ma’suliyatga katta e’tibor beradi, shuningdek, kompaniya xodimlari ushbu qadriyatlarni baham ko’rgan holda kompaniyaning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga hissa qo’shadilar.

Toshkent shahridagi Inha universitetini muvaffaqiyatli bitirganlardan biri sifatida hozirgi talabalarga qanday tilaklar va maslahatlar bera olasiz?

Talabalarga aytmoqchi bo’lganim, birinchidan tahsil olishga ajratilgan vaqt- hayotdagi juda muhim va qimmatli hisoblanadi. Bu sizning bilim va ko’nikmalaringizni rivojlantirish, fikrlashni shakllantirish va dunyoga yangi qarashlarga ega bo’lishingiz mumkin bo’lgan vaqt. Shuning uchun men sizga o’qishga maksimal kuch sarflashni, o’quv materiallarni sifatli va tizimli o’rganishga harakat qilishingizni, ikkinchidan, Universitet – bu bilimning turli yo’nalishlarini o’rganish, faoliyatning turli sohalarida o’zingizni sinab ko’rish va hayotda o’z o’rningizni topishingiz mumkin bo’lgan maskandir, shuning uchun, professorlarga savol berishdan qo’rqmaslikni maslahat beraman, siz o’zingizga ishonishingiz va tavakkal qilishdan qo’rqmasligingiz kerak.