Universitetlarda startap ekotizimini rivojlantirish

25-fevral kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida IT Park Uzbekistan tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan «Universitetlarda startap ekotizimini rivojlantirish» forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida universitetlarni innovatsiya va tadbirkorlik markazlariga aylantirish bilan bog‘liq eng muhim masalalar muhokama qilindi.

Tadbirni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berib, universitetlar startaplarni yaratish va talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda qanday faol ishtirok etishi mumkinligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U o‘z nutqida ta’lim dasturlarini biznes bilan integratsiya qilish va talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi.

🎙Shuningdek, forumda Local2Global bo‘limi rahbari Jahongir Normatov, IT Park Ventures investitsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dalerkhon Nodirov, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullaev, “Raqamli Moliya” akseleratsiya markazi direktori Nargiza Kasimova, “Startup Garage”ning Toshkent filiali ijrochi direktori Ravshanbek Ibragimov, Plug and Play Uzbekistan direktori Muhammad Mahmudov va IT Park Uzbekistan direktori Abdulaxad Kuchkarov ishtirok etdi.

Forumda Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev ham so‘zga chiqib, Toshkent shahridagi Inha universiteti misolida ta’lim muassasalarida startap ekotizimini rivojlantirish strategiyalari va oliy o‘quv yurtlarida innovatsion markazlarni tashkil etishning ahamiyati haqida gapirdi. U o‘z nutqida talabalarda g‘oyalarni muvaffaqiyatli biznesga aylantirishga yordam beradigan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Forum zamonaviy inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari, venchur investitsiyalari, shuningdek, O‘zbekistonda texnologik sektorni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi. Ishtirokchilar startaplarning muvaffaqiyatli keyslari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbirda yetakchi ekspertlar, startapchilar, investorlar, shuningdek, universitetlar va korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi. Ushbu forum mintaqaning startap ekotizimini rivojlantirish va O‘zbekistonda innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ldi.