O‘zbekistonda birinchi marta moliyaviy texnologiya markazi ochildi

2018 yilning 20 dekabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida “Sanoat Qurilish Bank’ning moliyaviy texnologiya markazi” (“Financial Technology center of Sanoat Qurilish Bank”) ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
 
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov hamda “Sanoat Qurilish Bank” ATB boshqaruvi raisi Aziz Voitov mehmonlarni qutlashdi. 
Ushbu markaz, universitet talabalariga turli axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) yordamida bank biznesining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rishga va bu boradagi ko‘nikmalarini mustahkamlashga qulay sharoit yaratadi.
 
Ma’lumki, “Sanoat Qurilish Bank” bilan Toshkent shahridagi Inha universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, universitet binosida bank xizmatlari va amaliyotlarini avtomatlashtirish bo‘yicha “Sanoat Qurilish Bank’ning moliyaviy texnologiya markazi” (“Financial Technology center of Sanoat Qurilish Bank”) tashkil etildi.
 
Bu tadbir asosida bank va SAP kompaniyasi vakillari Markazda dasturiy ta’minotlar yaratish, ularni bank AKT tizimiga joriy qilish, shu sohada yangi bank xizmatlari uchun biznes jarayonlarni tashkil etish va tahliliy hisobotlarni yaratish, shuningdek dasturiy ta’minotlarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan talaba yoshlarning biznes borasidagi bilim va tajribalarini kengayishiga imkon yaratadi.
 
Ushbu hamkorlik doirasida talabalarning zamonaviy bilim va mahoratlarini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 2018 – 2019 o‘quv yilida oliygohning 3 – 4-bosqich talabalari orasidan bilim jihatdan yuqori reytingga ega 12 nafar talaba tanlab olindi. Kelajakda ularning bank bilan bevosita aloqalarni mustahkamlashga sharoitlar hozirlanmoqda.