Universitet professorlari Jasurbek Xo‘jayev va Sarvar Abdullayev atrof-muhitning turli parametrlarini onlayn monitoring va tahlil qilish uchun aqlli yechimlarni taqdim etdilar. “OXUS-2” ob-havo stansiyasi-atrof muhitga oid meteorologik ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash, barcha ma’lumotlarni real vaqtda saqlash va tahlil qilish imkonini beradi. Ob-havo stansiyasi havo haroratini, nisbiy namlik, ifloslanish, tezlik va yo‘nalishini, atmosfera bosimini, tuproq namligini va hokazolarni avtomatik ravishda o‘lchaydi. Quyosh energiyasida ishlaydigan ob-havo stansiyasi atrof-muhid ma’lumotlarini to‘plab, bulutli tizim asosida fermerlar uchun ularni onlayn va oflayn ravishda namoyish etadi va SMS-xabarlar yordamida agronomlarni kasallik yoki zararkunandalarning tarqalishi to‘g‘risida xabardor qilish imkonini beradi. An’anaviy ob-havo stansiyalar modellari juda ko‘p sonli qo‘shimcha qurilmalardan iborat bulib, o‘rnatish jarayonida ko‘p vaqt va mehnat sarflashga talab qiladi.
“OXUS-2” texnologiyalari agronomlarning ishini yengillashtiradi, ish jarayonini optimallashtiradi, qishloq xo‘jaligi va boshqa tadqiqotlarning kundagi vazifalarini ancha samarali bajarishga yordam beradi. Shuningdek, agronomlarning ma’lumotlaridan foydalanib, tanlangan hududda kasalliklar va zararkunandalarning tarqalishini prognoz qiladi.
Ayni paytda 6ta mahalliy standartdagi agrometeorologik stansiyalar o‘rnatilib ishga tushirildi va joriy yil oxiriga qadar Farg‘ona vodiysi hududlarida fermerlar uchun yana 9ta agrometeorologik stansiyani o‘rnatish rejalashtirilgan.