Bizning faxrimiz! Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi Janubiy Koreyadagi nufuzli universitetining magistratura bosqichida o‘qish uchun grant yutib oldi.

Mening ismim Sevara Amirullayeva, men 22 yoshdaman va shu 2021 yilda ICE fakultetini tugatdim.
 
Janubiy Koreyaning qaysi universitetiga kirdingiz?
 
Seulda joylashgan SEOULTECH (Seoul National University of Science and Technology) universitetiga, Janubiy Koreya hukumatining GKS (Global Korea Scholarship) 2021 stipendial dasturi bo‘yicha kirdim.
 
Men ushbu universitet haqida ko‘p yillar avval, 2016 yilda, xorijiy universitetlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tganda bilgan edim. Ushbu universitet davlatga qarashli, hamda texnik sohalarga e’tiborni qaratgan bo‘lgani uchun menga yoqdi. Men magistraturada o‘qish uchun universitetlarni ko‘rib chiqishni boshlaganimda, birinchi o‘rinda ushbu universitetni tekshirdim va menga kerakli Computer and Science Engineering fakultetini topganimdan judayam xursand bo‘ldim.
 
Qabul jarayonining eng qiyin bosqichi qaysi edi?
 
To‘g‘risini aytsam, raqobat qanchalik baland bo‘lganini bilmayman, chunki bu yil GKS stipendial dasturiga qancha odam O‘zbekistondan (jami 30 kishi O‘zbekistondan tanlandi) hujjat topshirgani haqida bizga ma’lumot berilmagan. Ammo bu chet elda o‘qish uchun barcha xarajatlarni qoplaydigan stipendiya dasturi bo‘lgani uchun, ushbu dasturga qabul qilinish qiyin deb hisoblanadi.
 
Men tanlagan fakultet vakillari bilan onlayn intervyu davomida yetarlikcha darajada yaxshi o‘tolmaganimdek tuyuldi va hatto universitet meni qabul qilmasa kerak deb o‘yladim. Ammo ajablanib qoldim, ular meni qabul qilishdi va keyingi bosqichga hujjatlarimni yuborishdi. Bundan cheksiz baxtiyor bo‘ldim!
 
O‘qishdan bo‘lgan umidlaringiz va kelajakdagi rejalaringiz qanday?
 
Men ko‘plab bilim va tajribaga ega bo‘lishni kutmoqdaman! Janubiy Koreya kompyuter injiniringi sohasida eng rivojlangan davlatlardan biri hisoblanadi, shuning uchun u yerda o‘qib bebaho tajriba orttirishimga ishonaman.
 
Kelajakda men muhandislik sohasi mutaxassisi bo‘lishni va mamlakatimizda ushbu sohani rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shishni istayman. Janubiy Koreyada kompyuter injiniringi sohasida o‘qish orqali va ehtimol u yerda muhandis sifatida ishlab, men o‘z Vatanimda foydalanishim mumkin bo‘lgan bilim va tajribani to‘plashni xohlayman.
 
Toshkent shahridagi Inha universiteti haqida nima deya olasiz?
 
Shubhasiz, Inha universiteti mening talabalik hayotimda muhim rol o‘ynadi. O‘qish boshida qaysi fanlar meni ko‘proq jalb qilganini va kelajakda aynan nima qilishni xohlayotganimni hali ham bilmas edim. Ammo o‘qishning birinchi yillarida universitetimizda Django girls, Hackathon, Open data challenge kabi turli hil tadbirlar bo‘lib o‘tar edi va ular nafaqat mening talabalik davrimni baxtiyor qilishga, balki ilhomlantirib, kelajakda nima bilan shug‘ullanishni istayotganimni tushunishga yordam berdilar. 
 
Shuningdek, Inha universiteti professorlari har doim o‘z sohalarida qo‘llab-quvvatlovchi va talabalarga do‘stona munosabatdagi mutaxassislardir. Ba’zida qiyin bo‘lsa ham, bunday professorlardan saboq olish juda yoqimli edi! Ular bilan tahsil olib, bebaho bilimlarga ega bo‘ldim va kelajakda nima qilishni xohlayotganimni angladim.
 
Barcha professorlarga ularning kundagi mehnati uchun katta raxmat aytmoqchiman! Magistraturaga o‘qishga kirishda talabalarni doim qo‘llab-quvvatlagan va maslahatlar bilan yordam bergan professor An va professor Noga alohida minnatdorchilik bildiraman.