Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi Yulduz Khodjaeva 2022-yilda Dalxousie universitetida magistrlik darajasini oldi, shuningdek, Kanadadagi «Ernst and Young» kompaniyasi jamoasi a`zosiga aylandi.
1) Yulduz, aytingchi, Kanadaga qanday kelganingiz tarixi va u yerda qanday o‘quv dasturi va qaysi universitetda o‘qigansiz?
Men Kanadaga 2020 yilda kompyuter fanlari bo’yicha magistrlik darajasida o’qish uchun kelgan edim. “Machine Learning” bo’yicha kuchli tadqiqot insitutlarimiz yo’qligi sababli men o’qishimni chet elda davom ettirishga qaror qildim. Kanadada dunyodagi eng yaxshi bilim olish universitet va insitutlar mavjuddir, jumladan Dalxousie universiteti o’zining eng yaxshi professor-o’qituvchilari va akademiklari bilan Atlantika mintaqasida birinchi o’rinlardan biridir. O’qishga kirganimdan so’ng Dalhousie universitetidan hech qanday imtiyoz yoki stipendiyalar olmadim, lekin keyinchalik Kanada Tashqi ishlar departamenti tomonidan boshqariladigan «Kanadada o’qish uchun stipendiya» olish uchun ariza topshirdim. Men universitetimda ikki yil o’qishim davomida jami 120 000 CAD mablag`da stipendiyaga sazovor bo`ldim. Bu stipendiyani olgan yagona talaba men edim. Mening tadqiqotim kiberxavfsizlik va “Machine Learning” yo`nalishida edi, 2021 yilda maqolam chop etildi, shuningdek yaqinda mening mashhur jurnallarning biriga maqolam qabul qilinib va shu yozning oxirlarida nashr etilishi kutilmoqda.
2) Yangi mamlakat va yangi universitetga moslashish qiyin bo’lganmi?
Talabalar shaharchasiga birinchi bor tashrif buyurganimda, barchasi qanday tashkil etilganidan hayratda qoldim: ta’lim maskani o’z talabalari uchun eng yaxshi ta’lim muhiti bilan ta’minlash uchun barcha imkoniyatlari mavjud edi. Hatto pandemiya davrida ham men ta’lim maskani xodimlari va o’qituvchilar tomonidan katta yordamni his qildim. Mamlakat tilini bilish menga katta yordam berdi va Shimoliy Amerika jamiyati va ta’lim maskani hayotiga moslashishim oson kechdi. Shuni alohida takidlash joizki, agarda siz chet el mamlakatining asosiy tilida gaplasha olsangiz ushbu mamlakatda yashashingiz ancha osonlashishiga amin bo’ldim.
3) Bizga ma’lumki, sizga yaqinda dunyoga mashxur bo’lgan taniqli kompaniyadan taklif kelgan. Tanlov jarayoni haqida gapirib bersangiz va hozirgi ishingiz o’zingizga yoqadimi?
Tan olishim kerakki, «EY» kompaniyasiga ishga qabul qilish jarayoni ancha uzoq va mashaqqatli bo`ldi. U yerga ishga kirish uchun bir necha bosqichli suhbatdan o’tasiz va o’zingiz ariza topshirayotgan lavozimga eng yaxshi nomzod sifatida ko’rsata bilishingiz kerak. Men hozirda Raqamli va Rivojlanayotgan Texnologiyalar bo’limida ishlayman, texnologiyalarni o’rganish tajribamdan foydalanib, bir qator mijozlar uchun biznes jarayonlarini avtomatlashtirib berdim. Kompaniya xodimlarning o’z ustida ishlashligiga katta e’tibor qaratadi va uzluksiz o’rganishni doimo rag’batlantirib keladi. Shuni takidlash lozimki, agar siz IT sohasida tahsil olsangiz har kuni o`z ustingizda ishlashingiz lozim bo`ladi, chunki har kuni yangi texnologiyalar, tillar va vositalar paydo bo’laveradi.
4) TShIUni muvaffaqiyatli bitirganlardan biri sifatida Toshkent shahridagi Inha universitetining hozirgi talabalariga qanday tilaklar va maslahatlar bera olasiz?
TShIU talabalari o‘qiyotgan har bir fan bo‘yicha xoh ma’lumotlar tuzilmalari, xoh shaxslararo munosabat ko‘nikmalaringizni rivojlantiruvchi darslar, xoh matematika bo’lmasin barcha fanlarni qunt bilan o’rganishlikka da’vat etib qolaman. Bularning barchasini bilish, kelajak yo’lingizda sizga foydali bo’lishiga ishonchim komil. Professorlaringizni hurmat qiling va ular bilan yaxshi munosabatlar o’rnatishga harakat qiling. Jamiyat hayotida faol bo’ling: o’qishdan tashqariga chiqing, muloqot va jamoada ishlash qobiliyatlari ustida ishlang, turli tadbirlarda ko’ngilli bo’lib qatnashing, o’z portfolioyingizni yarating. Shuni yodingizda tutingki, siz o’zingizni qobiliyatlaringizni boricha ma’lum bir lavozimga yollayotgan potentsial rahbar yoki ish beruvchiga ko’rsatib bera olishingiz kerakdir.