Toshkent shahridagi Inha Universitetida “One million Uzbek Coders” nomli uzoq kutilgan yirik loyiha start oldi        

 

21 noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha Universitetida “One million Uzbek Coders” deb nomlangan yirik loyiha  start oldi. Marosimda ishtirok etgan mehmonlar orasida Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi, O’zbekiston Respublikasi hukumati vakillari, hamda mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari bor. Mazkur tadbir doirasida Toshkent shahridagi Inha Universiteti dasturchilarining ko’rgazmasi ham bo’lib o’tdi.

Ushbu loyiha O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, “Dubay Future Foundation” jamg’armasi, Toshkent shahridagi Inha Universiteti, AT – akademiyasi, va Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi AT – maktabi hamkorligida amalga oshirildi.

Loyiha ixtisoslashtirilgan onlayn – portal orqali aholiga bepul masofaviy ta’lim olish imkoniyatini beradi. Barcha xohlovchilar loyiha ishga tushirilishi bilanoq ishtirok etish uchun ariza topshirishi mumkin. Dasturning  asosiy maqsadi – raqamli texnologiyalar bo’yicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash bo’yicha ularga kerakli bilim va ko’nikmalarni berishdir.

Birinchi bosqichda loyiha global mehnat bozorida talab yuqori  bo’lgan 4 ta mutaxassislikni o’z ichiga oladi: ma’lumotlarni tahlil qilish, Android – ishlanmalar, FrontEnd – ishlanma, hamda FullStack – ishlanma. Umumiy kurs 120 soatlik ta’lim uchun mo’ljallangan. Har bir bosqich yakunida ishtirokchilar laboratoriya ishlarini tayyorlashadi va bundan so’ng ularga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

 

Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar grantlarni qo’lga kiritish uchun o’z bilimlarini sinovdan o’tkaza olishadi va Udacity platformasidagi 100dan ortiq Nanodegree dasturlarining birida o’qishni davom ettirishlari mumkin. Buning uchun nomzod yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirishi va eng yuqori ball bilan to’plagan 150ta talaba ro’yhatiga kirishi kerak. Shuni ta’kidlash joizki, Nanodegree diplomlari Google, AT&T, Autodesk, Salesforce va boshqa ko’plab AT gigantlari tomonidan tan olinadi.


Birinchi marotaba dasturchilarni masofaviy o’qitish loyihasi Birlashgan Arab Amirliklarida “One Million Arab Coders” nomi bilan start olgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida bir qator sohalarda, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasida ham hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati loyihani O’zbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini o’rganib, konsepsiyani mamlakat sharotiga moslashtirish rejasini ishlab chiqdi va «One Million Uzbek Coders» deb nomlangan loyihani yo’lga qo’ydi.

 

“O’zbekiston hamda Birlashgan Arab Amirliklari o’rtasida yaqin hamkorlik yo’lga qo’yilgan bo’lib, bugungi kunda malakali kadrlar tayyorlash, axborot texnologiyalari, transport, energetika kabi yo’nalishlarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. O’zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o’rtasida “One million Uzbek Coders” uzoq kutilgan qo’shma loyihasining ishga tushirilishi ham ikki muhim yo’nalish – axborot texnologiyalari va dasturlash bo’yicha hamkorlik aloqalarining davomi bo’ldi”, – dedi O’zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov.

Hukumat rahbari O’zbekiston buyuk ipak yo’lining madaniy va ilmiy markazi bo’lganini, shuningdek, jahon ilm – fani rivojiga o’z hissasini qo’shgan ko’plab olim va mutafakkirlarning Vatani ekanini eslatib o’tdi. Shuningdek, Abdulla Oripov zamonaviy O’zbekistonning eng qimmatbaho boyligi inson resurslari ekanligini ham ta’kidladi. Respublika aholisining 60 dan ortiq foizini 29 yoshgacha bo’lgan yoshlar tashkil qiladi.
 

“One million Uzbek Coders” loyihasining amalga oshirilishi aholining keng qatlamlarini, birinchi navbatda, imkoniyati cheklangan yoshlarni jalb etish, yangi AT – mutaxassisliklarini o’zlashtirish, hamda ularni ishga joylashishlariga ko’maklashish imkonini beradi”, – dedi Bosh vazir Abdulla Aripov.

“Biz bugun to’rtinchi sanoat inqilobi davri – sun’iy idrok, blokcheyn, va 5G kabi yangi texnologiyalar davrida yashamoqdamiz. Muloqot qilish tarzi, jamiyat tushunchasi o’zgarib bormoqda. Tabiiyki, bu o’zgarishlar bilan global iqtisodiyot ham o’zgarib bormoqda. Tahminlarga ko’ra, 2022 yilga kelib, global YaIMning 60% raqamlashadi va xavfsizlikka oid barcha mavjud muammolarning yarimidan ko’pi sun’iy idrok tomonidan bartaraf etiladi” – dedi Birlashgan Arab Amirliklari sun’iy intellekt Davlat Vaziri Omar al – Olama.

Sun’iy intellekt bo’yicha dunyodagi birinchi Vazir Birlashgan Arab Amirliklarida 2015 yildan buyon AT – sohasida 7 milliondan ortiq bo’sh ish o’rinlari mavjudligini ham ta’kidladi. Dasturchilarga bo’lgan talab kundan – kunga ortib bormoqda. Faqatgina Evropa Ittifoqi mamlakatlarining o’zida 800 000 dasturchiga talab mavjud.

“One Million Arab Coders” loyihasi yordamida biz ushbu global talabni to’ldirib, kelajak kasblari uchun malakali kadrlar tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz. “One Million Uzbek Coders” loyihasining asosiy maqsadi – mamlakatingiz yoshlariga o’z iste’dod va salohiyatlarini to’la namoyon etish imkoniyatini taqdim etish, hamda inson kapitalini rivojlantirishdan iborat”, – dedi Omar bin Sulton Al olama.