2022-yilning 15-fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Koreya va O‘zbekistonning elektron hukumat sohasidagi hamkorligi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi vazir oʻrinbosari Ko Kyu- Chang boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Seminar dasturi sessiyalarga boʻlingan boʻlib, unda ishtirokchilar raqamli hukumat strategiyalari, maʼlumotlar markazlari xavfsizligi va boshqa muhim masalalarni muhokama qilishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov kirish so‘zi bilan chiqdi. U o‘z nutqida mazkur seminar amaliy jihatdan har ikki tomon uchun ham juda foydali bo‘lishiga umid bildirdi.
Seminarda ham so‘zga chiqqan Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Ko Kyu Chang AKT sohasidagi O‘zbekiston-Koreya hamkorligi jadal rivojlanib borayotgani va ijobiy tendensiyaga ega ekanini ta’kidladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari (Jahongir Shukurov), Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi direktori o‘rinbosari Young Jeong, Koreya Respublikasi Milliy Soliq xizmati direktori oʻrinbosari Dong Wook Lim va Milliy axborot resurslari xizmati direktori Seokhee Lee ishtirok etdilar.
Seminarda O‘zbekiston va Koreyaning raqamli hukumati strategiyalari va holatiga oid ma’ruzalar o’qildi, shuningdek, Milliy soliq tizimi va Koreya Respublikasida sun’iy intellektga asoslangan ma’lumotlar markazi xavfsizligiga oid ma’ruzalar o’qib eshittirildi.
Hozirda ikki davlat oʻrtasida elektron hukumat sohasida faol hamkorlik davom etmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida 2013-yildan buyon “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
