IUTda “Milliy statistika tizimi: nazariya va amaliyot” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2019 yilning 30 yanvar kuni Toshkent shahridagi Inxa universitetida “Milliy statistika tizimi: nazariya va amaliyot” mavzusida “Davra suhbati” bo‘lib o‘tdi.
 
Ushbu tadbirda, Davlat statistika qo‘mitasi, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi xodimlari, Toshkent shahridagi Inxa universiteti o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
 
Davra suhbatida ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 31 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, statistika axborotlarini yig‘ish, to‘plash, saqlash, qayta ishlash hamda ularni Internet tarmog‘i, ommaviy axborot vositalari va mahalliy telekanallar orqali keng tarqatishni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
 
Shuningdek, bugungi “Axborot asri”da statistik axborotlarning erkinligi, oshkoraligini ta’minlash, mamlakatimizning rivojlanish ko‘rsatkichlarini xalqaro statistik to‘plamlarda chop etish hamda turli yo‘nalishdagi reytinglarda aks ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, xalqaro statistik, iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanmoqda.
 
Davra suhbati davomida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglarda xolis va to‘g‘ri baholanishini ta’minlash maqsadida, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan xalqaro tashkilotlarning 23 savolnomasi doimiy ravishda to‘ldirib kelinayotgani qayd etib o‘tildi. Hozirda qo‘mita Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqa o‘rnatib, statistika sohasida samarali hamkorlik ishlarini olib bormoqda.
 
Ta’kidlanganidek, qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Davlat statistika qo‘mitasida kompleks chora-tadbirlar dasturi, nazorat rejasi va vazifalarning har bir bandi ijrosi bo‘yicha xarakat rejalari ishlab chiqildi. Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari tarkibi qaytadan ko‘rib chiqilib, qo‘mita markaziy apparati tarkibida yangi boshqarmalar tashkil etildi. Statistik axborotlarning maksimal darajada ochiqligini ta’minlash maqsadida e’lon qilinadigan ko‘rsatkichlar tarkibi qayta ko‘rib chiqilib, kengaytirildi. Qo‘mitaning rasmiy veb-sayti tahliliy ma’lumotlar, byulletenlar, doklad va press-relizlar bilan muntazam ravishda boyitib borilmoqda.
 
Davra suhbati qatnashchilariga Davlat statistika qo‘mitasi boshqarma boshliqlari tomonidan “Davlat statistika qo‘mitasi tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar”, O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari (2019 yil yanvar-dekabr yakunlari) mavzularida ma’ruzalar qilinib, batafsil tushuntirishlar berildi.
 
Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasining mas’ul xodimlari tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham atroflicha javob qaytardi.