Toshkent shahridagi Inha universitetida Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi uchun tashkil etilgan bepul kurslarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi

19-may kuni TIU rahbariyati va ma’muriyati Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumaniga qarashli Axillik, Elobod, Buyuk Ipak Yo‘li, Feruza, Olimlar, Navnihol, Al-Farobiy va Azamat mahallalari aholisi bilan tanishish uchrashuvini o‘tkazdilar.
 
Tadbir davomida universitet rektori Muzaffar Djalalov xozirgi kunda muvaffaqiyatlarga erishishda sifatli ta’limning o‘rni beqiyos yuqori ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, Toshkent shahridagi Inha universiteti oliy ta’lim sohasidagi asosiy maqsadlaridan tashqari, jamiyat oldida bir qator ijtimoiy majburiyatlarni ham bajarishini ta’kidladi.
 
Aynan shu maqsadlarni amalga oshirish uchun bolalarga fizika, matematika, ingliz tili va axborot texnologiyalari bo‘yicha bepul kurslar tashkil etildi. Shu qatorda Toshkent shahridagi Inha universiteti Mirzo Ulug‘bek tumani yoshlari uchun futbol, basketbol, shashka va shaxmat bo‘yicha bepul sport klublarini ham tashkil etgan.