Toshkent shahridagi Inha universitetida birinchi Xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi

26 fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida xorijiy tajribani O‘zbekiston Respublikasi ta’lim jarayoniga joriy etishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan Birinchi Xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.
 
 
 
Forumda ishtirok etgan mehmonlar orasida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i-Ulug‘bek Toshkenbayev, Oliy ta’lim kengashi raisi-O‘ktam Umrzoqov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari-Uzoqboy Begimqulov, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari-Hilola Umarova, shu jumladan universitet rektorlari va xalqaro ekspertlar.
 
 
 
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Djalalov Forum ishtirokchilariga kirish so‘zi bilan murojaat qildi.
 
«Ma’lumki, Toshkent shahridagi Inha universiteti Janubiy Koreyadagi Inha universitetining kredit-modul tizimi asosida ishlaydi. Ushbu tizimning to‘liq samaradorligi milliy akkreditatsiya natijalari bilan namoyon bo‘ladi, bu esa universitetning barcha sohalardagi faoliyatini baholashga imkon beradi. Toshkent shahridagi Inha universiteti mamlakatimizda milliy akkreditatsiyadan o‘tgan birinchi xalqaro universitet bo‘ldi. Bugungi kunga qadar ba’zi milliy universitetlarimiz xalqaro tajribaga asoslangan holda kredit-modul o‘qitish tizimiga o‘tdilar. Boshqa universitetlar ham ushbu tizimga o‘tish arafasida. Shu bilan birga, bizning milliy universitetlarimiz talabalar ta’limini yangi tizimiga o‘tishda qator savollarga duch kelmokdalar, biz ularni muntazam ravishda birgalikda muhokama qilishimiz kerak. Hamkorlarimiz bilan birgalikda tashkil etilgan bugungi tadbirning asosiy maqsadi ham shunga qaratilgan», – dedi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v. b. Muzaffar Djalalov.
 
 
 
Xalqaro ta’lim forumi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi PF-5763-sonli “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasidagi boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi.
 
 
 
Forumning maqsadi-oliy o‘quv yurtlarida akkreditatsiya, litsenziyalash va kredit-modul tizimini joriy etish bo‘yicha universitetlar o‘rtasida tajriba almashish.
 
 
 
Toshkent shahridagi Inha universiteti forumning asosiy mavzusi bilan bog‘liq qiziqarli sessiyalar, munozaralar va seminarlar tayyorladi. Forumda 200ga yaqin mehmonlar, mamlakatimizdagi 50ta universitet rektorlari ishtirok etishdi.
 
 
 
Yalpi majlis va davra suhbatlari davomida o‘quv jarayonini o‘zgartirish, akkreditatsiyadan o‘tish, kredit-modul o‘qitish tizimiga o‘tish masalalari muhokama qilindi. Universitetlar o‘zlarining tajribalari va mavjud o‘qitish modellarini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan ulashdilar. Tadbir davomida forum spikerlari bilan munozaralar va  suhbatlar tashkil etildi.