15-oktabr kuni Toshkent shahridagi Inha Universitetida Buyuk Britaniya ta’lim dasturi talabalari uchun sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi

Birinchi kursni muvaffaqiyatli tamomlagan 70 nafar talaba Xalqaro malaka va baholash markazi (IQAC) tomonidan Biznes boshqaruvi, Kiberxavfsizlik, Ma’lumotlar ilmi va Sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha Level 3 sertifikatlari bilan taqdirlandi.

Marosim universitet rektori Bobur Abdullaevning tabrik nutqi bilan boshlandi. U talabalarni mehnati va qat’iyati uchun tabriklab, professor-o‘qituvchilarga ko‘rsatgan ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, IQAC xalqaro ekspertlari — Marwa Mansour, akademik direktor, ta’lim maslahatchisi va o‘qituvchilar treneri hamda ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha trener professor Christopher Corten ham tadbir ishtirokchilariga murojaat qildilar.

Kechaga ramziy yakun gongning uch marta chalinishi bilan berildi. Ushbu uch zarb universitetda yangi an’anaga asos soldi. Gong sadosi muhim bosqichning yakunlanishi va navbatdagi marralar sari yo‘l ochilishini anglatadi.

Toshkent shahridagi Inha Universiteti O‘zbekistonda ushbu dasturlarni joriy etgan ilk oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Talabalarimiz Toshkentning o‘zida ingliz tilida, amaliy ta’limga alohida e’tibor qaratilgan Britaniya standartidagi ta’limni olish imkoniyatiga ega.

Level 3 sertifikati talabalar uchun birinchi rasmiy malaka bosqichi hisoblanadi. Ular O‘zbekistonda o‘qishni davom ettirishlari yoki Buyuk Britaniyaning hamkor universitetlarida — University of Gloucestershire, University of Hertfordshire, Northumbria University, Ulster University, University of West London va University of Wolverhampton’da tahsil olishlari mumkin.

Barcha talabalarimizni tabriklaymiz! Sizlar bilan faxrlanamiz!