Biz yetakchi xalqaro kompaniyalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan va o‘z yutuqlari bilan IT mutaxassislarining yangi avlodiga ilhom bag‘ishlayotgan bitiruvchilarimiz bilan faxrlanamiz.

Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi Rustam Zokirov hozirda Google kompaniyasida Software Engineer lavozimida faoliyat yuritmoqda. Uning kasbiy faoliyati bilim, qat’iyat va doimiy rivojlanish orqali jahon texnologiya sanoatida yuqori natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatadi.

Bugun, 14-oktabr kuni Rustam TECH TALK AT IUT doirasida talabalarimiz bilan uchrashdi. Ochiq muloqot davomida u Big Tech kompaniyalaridagi ish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, dasturiy injiniring sohasining o‘ziga xos jihatlari hamda MAANG kompaniyalaridagi texnik suhbatlarga tayyorgarlik ko‘rish haqida so‘zlab berdi. Talabalar, shuningdek, karyera qurish, kasbiy imkoniyatlar va yetakchi texnologiya kompaniyalarining talablari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bunday uchrashuvlar talabalarga sohada faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislardan bilim va tajriba olish, industriya talablarini yaxshiroq tushunish hamda kasbiy rivojlanishning real istiqbollarini ko‘rish imkonini beradi.