ITWomenUz 2021 loyihasi ishga tushurildi

ITWomenUz 2021 loyihasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park), Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU), Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Amiti universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. ITWomenUz 2021 loyihasi ayollarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari soxasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
 
Loyiha doirasida 2021 yil 17 fevraldan 6 martgacha respublikaning barcha xududlarida onlayn va oflayn ravishda kompyuter savodxonligi va elektron biznes bo‘yicha treninglar tashkil etiladi, ularga 2000 dan ortiq ayollar jalb qilinadi.
 
Ishtirokchi ayollar malaka oshirish uchun guruhlar va universitetlarga ajratiladi. 18 fevral kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida birinchi IT-darslari bo‘lib o‘tdi.
 
O‘quv davrida erishilgan natijalar professor-o‘qituvchilar tomonidan baholanadi va kurs yakunida sertifikatlar beriladi.
 
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi loyihada ishtirok etib yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ayollarni ish bilan ta’minlaydi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘z biznesini ochmoqchi bo‘lgan ayollarga imtiyozlar berishda amaliy yordam beradi.