Kasperskiy laboratoriyasi Toshkent shahridagi Inha universitetida «Kaspersky Cyberday» konferensiyasini o‘tkazdi

27-noyabr kuni “Kasperskiy laboratoriyasi” Toshkent shahridagi Inha universitetida kiberxavfsizlik masalalari va IT-mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha «Kaspersky Cyberday» konferensiyasini o‘tkazdi.
Tadbir doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti va Kasperskiy laboratoriyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Panel muhokamasida IT-xodimlarni tayyorlashdagi muammolar va imkoniyatlar muhokama qilindi. Shuningdek, ma’ruzachilar kiberxavfsizlik sohasidagi martaba istiqbollari, inson omillari bilan bog‘liq kibertahdidlardan himoyalanish, mamlakat va jahondagi kiberjinoyatlar haqida so‘z yuritdilar.
“Kaspersky Cyberday kabi tadbirlar nafaqat kiberxavfsizlik masalalarini, balki butun IT sohasini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatdir. Masalan, IT-mutaxassislarini tayyorlash vazifasi dolzarbligicha qolmoqda”, — dedi Kasperskiy laboratoriyasining hukumat bilan aloqalar bo‘yicha menejeri Qairjan Abdrahmonov.
“IT-mutaxassislarini tayyorlashda bozordagi real vaziyatni, shuningdek, sanoatning ichkaridan qanday ishlashini va unga qanday ko’nikmalar tegishli ekanligini tushunadigan yirik mutaxassislarning fikrini hisobga olish kerak. IT sohasi juda tez rivojlanmoqda, shu bois ta’lim dasturlari doimiy ravishda yangilanib turishga muhtoj”, — dedi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalov.
Kasperskiy laboratoriyasi 1997 yildan beri axborot xavfsizligi va raqamli maxfiylik sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro kompaniyadir. Kasperskiy laboratoriyasi texnologiyalari butun dunyo bo’ylab 400 milliondan ortiq foydalanuvchi va 240 ming korporativ mijozlarni himoya qiladi.