The graduation ceremony was held at Inha University in Tashkent

2023-yilning 14-oktabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida 2022/2023-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2014-yilda tashkil etilgan Toshkent shahridagi Inha universiteti bugungi kunda axborot texnologiyalari va logistika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi.
Bitiruv marosimida ishtirok etish uchun Koreya Respublikasining INHA universitetidan INHA prezidenti professor Cho Myeong Woo boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Shuningdek, marosimda Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Kim Hee-sang, shuningdek, Toshkent shahridagi Inha universitetining birinchi rektori, O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va boshqa nufuzli mehmonlar ishtirok etdilar.
Bitiruvchilarga diplomlarni shaxsan INHA universiteti (Koreya) prezidenti Cho Myeong Woo va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalovlar topshirdilar.
2023-yilda Toshkent shahridagi Inha universitetining “Kompyuter va dasturiy injiniring” hamda “Biznes va logistika” yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat bosqichini 380 nafar talaba tamomladi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchilari O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarida, shuningdek, yirik xalqaro kompaniyalarda (Facebook, Google, Uber, EPAM, E&Y, Huawei) mehnat qilmoqda.
Shuningdek, joriy yilda MBA yo‘nalishi bo‘yicha 18 nafar magistratura bosqichining birinchi bitiruvi bo‘lib o‘tdi.
Barcha bitiruvchilarni tabriklaymiz! Siz hayotingizdagi uzoq va muhim sayohatni bosib o’tdingiz. Kelajakda katta muvaffaqiyatlar tilaymiz va sizni Inha universitetimizda ko’rishdan doimo xursandmiz!