Toshkent shahridagi Inha universiteti Koreyadagi INHA universiteti bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullaev Koreyadagi INHA universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Toshkent shahridagi Inha universitetini yanada rivojlantirish va Janubiy Koreyadagi INHA universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

Uchrashuvning asosiy natijalaridan biri ikki universitet o‘rtasida yangi besh yillik «Royalty Agreement» imzolanganligi bo‘ldi.

Kelishuv doirasida quyidagilar rejalashtirilgan:
▫️ zamonaviy talablar asosida akademik dasturlarni muntazam yangilab borish;
▫️ talabalar va professor-o‘qituvchilar tarkibining akademik mobilligini kengaytirish;
▫️ muhandislik sohasida qo‘shma magistratura dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
▫️ ilmiy-tadqiqot yo‘nalishini rivojlantirish va universitetning ilmiy salohiyatini mustahkamlash;
▫️ ikki universitetning axborot tizimlarini integratsiya qilish;
▫️ PhD dasturlari va professor-o‘qituvchilarning ilmiy stajirovkalari uchun imkoniyatlarni kengaytirish;
▫️ talabalarning Inha Yozgi Maktabi dasturida ishtirok etish kvotalarini oshirish;
▫️ Koreyadagi INHA universitetining Farg‘ona kampusini rivojlantirishdagi ishtirokini kuchaytirish.

Yangi kelishuv ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro akademik imkoniyatlarni kengaytirish borasida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Shuningdek, tomonlar Toshkent sharidagi Inha universitetining akademik va ilmiy salohiyatini mustahkamlash hamda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishishdi.