Toshkent shahridagi Inha universiteti — O‘zbekistonda xalqaro ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yetakchilardan biri

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro ta’lim standartlarini yanada joriy etish, integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini rivojlantirish hamda dunyoning yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimot davomida, jumladan, Toshkent shahridagi Inha universiteti ishtirokida amalga oshirilayotgan integratsiyalashgan ta’lim dasturlarining natijalari va istiqbollari haqida ma’lumot berildi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Bobur Abdullayev talabalar uchun Britaniya ta’lim standartlari asosida tahsil olish hamda individual ta’lim yo‘lini shakllantirish imkonini beruvchi xalqaro ta’lim modellari haqida ma’lumot taqdim etdi.

Shuningdek, bunday dasturlar yoshlar uchun sifatli xorijiy ta’limni yanada qulay va ommabop qilish, xorijda o‘qish hamda yashash bilan bog‘liq xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini rivojlantirish O‘zbekiston bitiruvchilarining raqobatbardoshligini oshirish hamda mamlakatning mintaqaviy ta’lim markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish hamda talabalarga global muvaffaqiyat sari yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi faoliyatini izchil davom ettirmoqda.