Toshkent shahridagi Inha universitetida bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi

2022-yilning 8-oktabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida 2021/2022-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom bilan taqdirlash marosimi bo’lib o’tadi.
2014-yilda tashkil etilgan Toshkent shahridagi Inha universiteti bugungi kunda axborot texnologiyalari va logistika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi.
INHA prezidenti professor Cho Myon Vu boshchiligidagi Janubiy Koreya Respublikasining INHA universiteti delegatsiyasi bitiruv marosimida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Shuningdek, marosimda Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Kim Xi Sang ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda Toshkent shahridagi Inha universitetining tashkil etilishiga asos solgan birinchi rektori, AKT vaziri Sherzod Shermatov faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi va bitiruvchilarga qutlov so‘zi bilan chiqdi.
Bitiruvchilarga diplomlarni INHA universiteti (Janubiy Koreya) prezidenti Cho Myong Vu va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Djalalovlar shaxsan topshirdilar.
2022-yilda Toshkent shahridagi Inha universitetining “Kompyuter va dasturiy injiniring” hamda “Biznes va logistika” yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat bosqichini 293 nafar talaba tamomladi.
2014-yilda bor-yo‘g‘i 115 nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, bugun, oradan 8 yil o‘tib, universitetda 1700 nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchilari O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarida, shuningdek, yirik xalqaro kompaniyalarida (Facebook, Google, Uber, EPAM, E&Y, Huawei) o’z ish faoliyatlarini yuritmoqdalar.

Toshkentdagi Inha universiteti kelajagi!