TshIU talabalari tez yordamga muhtoj bemorlar uchun mobil ilova ishlab chiqdilar

2-kurs talabalari Izzatulla Ibroimov, Anvarjon Jurakulov,  Diyorxo’ja  Fayzullaevlar “Yordamchi” loyihasi doirasida mobil ilova ishlab chiqdilar.
«Yordamchi 24» ilovasi shifokorlarni qo‘ng‘iroqlarga javob berish vaqtini ikki baravar tezlashtirish maqsadida yaratilgan bo’lib, mobil telefoningizga yuklab olishingiz mumkin bo’lgan ilova nafaqat qo’ng’iroq vaqtini tejash, balki tez yordam mashinasining harakatini onlayn kuzatish imkonini ham beradi.
Dastur qanday ishlaydi?
Ilova yaqin atrofdagi tez yordam mashinasini qidiradi va uni topgach, foydalanuvchi tez yordam xodimiga so’rov yuboradi, shundan so’ng, sizning geolokatsiyangiz asosida tez yordam mashinasi belgilangan joyga yetib keladi.
«Jamoamiz birinchi navbatda axborot texnologiyalarini joriy etish orqali mavjud muammolarni optimallashtirishni maqsad qilib oldi va buning uchun kamchiliklar mavjud sohalardan biri – tibbiyot sohasi tizimini tanladik. Odamlarga o’z vaqtida tibbiy yordam ko’rsatish va ularning hayotini  qutqarib qolish maqsadida jamoamiz bilan bemor va tez yordam xodimi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini beruvchi “Yordamchi 24” mobil ilovasini ishlab chiqdik. Foydalanuvchining o‘zi 5 km radiusdagi tez yordam avtomobilini tanlaydi va tez yordam xodimiga so‘rov yuboradi, agar tez yordam xodimi tomonidan yuborilgan so’rov qabul qilinsa, ushbu tez yordam mashinasi boshqa foydalanuvchilarga ko’rinmaydi. Manzillar aniqligi bilan bog‘liq muammoni hal qilish uchun ilovamiz tez yordam mashinasidan bemorgacha bo‘lgan eng yaqin yo‘lni aniqlaydi. So‘rov qabul qilingandan so‘ng, tez yordam mashinasining joylashuvi real vaqt rejimida translyatsiya qilib boriladi”, – deydi loyiha dasturchilari.
 Talabalar tomonidan jamiyat salomatligi va manfaati uchun yaratilgan ushbu ilova olqish va qo’llab-quvvatlashga loyiqdir.