TshIUda Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi

Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan huquqiy savodxonlik haftaligi doirasida talabalar uchun tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Rejalashtirilgan tadbirlar doirasida talabalar va xodimlar uchun O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘yicha Intellektual viktorina o‘tkazildi. Ishtirokchilar Konstitutsiyaga oid turli savollarga javob berdilar, yangi o’zgartirishlar va qo’shimchalar bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etdilar va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ijobiy fikrlarini bildirdilar. Eng faol ishtirokchilar sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ta’lim dasturlari doirasida talabalarga siyosiy fanlar doktori Turdimurat Tursunmuratovning Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan ma’ruzalari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, kun so‘ngida talabalar uchun “Zakovat” turniri tashkil etilib, unda ishtirokchilarga joriy yilda qabul qilingan konstitutsiyaviy islohotlarga oid savollar berildi. Ishtirokchilar yuksak huquqiy savodxonlik va bilimdonlik, shuningdek, Konstitutsiyani mukammal bilishini namoyish etdilar.
Mamlakatimizning Asosiy qonuni jamiyat hayotining barcha jabhalariga bevosita ta’sir ko‘rsatib, kuchli jamiyat barpo etishning mustahkam poydevoridir.