TShIUda tayyorlov kurslari talabalari uchun konsultatsiya kuni bo’lib o’tdi

2023-yilning 25-avgust kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi Uzluksiz Ta’lim Markazi (UTM) tayyorlov kurslari tinglovchilari uchun konsultatsiya kuni bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida TshIU rektori M.Djalalov hamda universitet talabalari va xodimlari so‘zga chiqdilar. UTM talabalari Toshkent shahridagi Inha universitetiga o‘qishga kirish, tayyorlov kurslari, shuningdek, CEC.Inha.uz platformasidan foydalanish bo‘yicha ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
O‘tgan 2022/2023 o‘quv yilida 209 nafar talaba tayyorlov kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bo‘lib, shundan 134 nafari TshIUga muvafaqqiyatli o‘qishga kirdi. 134 nafar talabaning 5 nafari grant sohibi va 101 nafari 11-sinf bitiruvchilaridir. Shuningdek, 28 nafar 10-sinf o‘quvchilari maktabni tamomlagandan so‘ng TshIUda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Joriy 2023/2024 o‘quv yilida UTM kurslariga 263 nafar rekord miqdordagi talabalar qabul qilindi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi Uzluksiz ta’lim markazidagi tayyorlov kurslari matematika, ingliz tili, fizika kabi fanlardan darslarni o‘z ichiga oladi.