Toshkent shahridagi Inha universitetida ikkinchi kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda

27-28-iyun kunlari Toshkent shahridagi Inha universitetida Koreya dasturlari kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda.

27-iyun kuni Koreya dasturi doirasida “Kompyuter va dasturiy injiniring” yo‘nalishi bo‘yicha kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi, 28-iyun kuni esa “Biznes va logistika” yo‘nalishi bo‘yicha imtihonlar o‘tkaziladi.

Ochiq va shaffof imtihon jarayonini ta’minlash hamda nazorat qilish maqsadida, INHA universiteti (Janubiy Koreya) professor-o‘qituvchilari Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurdi.

Shuningdek, har bir imtihon auditoriyasiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, imtihon jarayoni jonli efir orqali namoyish etilmoqda. Bu abituriyentlarning ota-onalariga va har bir istagan kishiga imtihonni real vaqt rejimida kuzatish imkonini berib, qabul jarayonining to‘liq ochiqligi va shaffofligini ta’minlaydi.